Baxshichilik yo'nalishida "Ustoz-shogird" an'analarini rivojlantirishga bag'ishlangan o'quv seminari bo'lib o'tdi
2024-09-23 10:50:00 / Yangiliklar
Kuni kecha Respublika baxshichilik san'ati markazida Qoraqolpog'iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar va viloyat madaniyat boshqarmalari bilan hamkorlikda baxshichilik san'atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o'rganish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o'ziga xos ijro uslublarini tiklash hamda "Ustoz-shogird" an'analarini rivojlantirishga bag'ishlangan o'quv seminari bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbirda Madaniyat markazlari, Bolalar musiqa va san'at maktablari va boshqa ta'lim muassasalari qoshida baxshichilik sinf to'garaklarini tashkil etish, baxshichilik san'atining ijrochilik maktablari va ularning metodikasini chuqur o'rganish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir boshida maktabda tashkil etilgan baxshichilik san'atiga oid maxsus sinf xonasi bilan tanishuv bo'lib o'tdi. Ushbu sinfda darg'a baxshilarimiz plakatlari, dostonchilik maktablari shajaralari, baxshi san'ati bo'yicha kitoblar va o'quv qo'llanmalari taqdim etilgan bo'lib, ular ishtirokchilar e'tiboriga havola qilindi.
Mazkur tadbirni Shirin shahar hokimining o'rinbosari Farrux Alimov va Respublika Baxshichilik san'ati markazi direktori Umid Norboyev ochib berishdi.
Shuningdek, seminarda O'zbekiston xalq baxshilari Mahmatmurod Rajabov, Ochil Chorshanbiyev, Boyqo'chqor Ahmedov, Rasul Umirov, shuningdek dostonchi baxshi Shavkat Bobomurodlar mehmonlarga baxshichilik san'ati bo'yicha zarur tavsiyalar berib, o'z ijodiy namunalari ijro etishdi.
Tadbir davomida baxshichilik san'atini rivojlantirish, yosh avlodga an'anaviy ijro uslublarini o'rgatish, baxshi san'ati bo'yicha maxsus to'garaklar tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilari baxshichilik san'ati kelajagini yanada yuksaltirish uchun tajribalar almashish, ijodiy maktablar orasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi dolzarb masalalar bo'yicha qator takliflarni bildirgan holda, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ta'kidlab o'tdilar.