“Sharq taronalari”: Konferensiyada vazir nutq qildi
2024-08-27 15:00:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar, aziz vatandoshlar!
Hurmatli xalqaro anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Jahon tamaddunlari chorrahasida – Buyuk ipak yo‘li hududida asrlar davomida buyuk kashfiyotlar yaratilganligi hammamizga birdek ayon. Yaqin yillargacha tarixning shunchaki yodnomalari bo‘lgan bu kashfiyotlar “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali timsolida muazzam ohangga, hayotbaxsh fikrga, umrboqiy yog‘duga aylandi. Bundan salkam 30 yil oldin muhtasham Registon maydonida yangragan taronalar Afrosiyobning toshbitiklariga qaytadan jon bag‘ishlab, ko‘hna Sharqning buyuk musiqiy tarixini uyg‘otdi. Ushbu festivalda 1997-yilda oddiy ijrochi sifatida ishtirok etgan xonanda va sozandalarning ko‘pchiligi bugungi kunda nom qozongan va alohida o‘z ijodiy maktabini yaratgan san’atkorlarga aylangani bizni g‘oyat mamnun etmoqda.
“Sharq taronalari” Afrosiyobning sirli tepaliklaridan, qadim qal’alar qa’ridan Samarqand minoralari kabi ulug‘lashib, turli tilda so‘zlaguvchi odamlarni, qit’alarni bir-biriga yaqinlashtirguvchi ulug‘ vatanimizning bir bo‘lagiga aylandi. Niyatimiz Sharq xalqlari musiqiy merosini mukammal o‘rganish, zamonaviy media makonda keng targ‘ib qilish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, o‘zbek musiqiy merosining Sharq madaniyati va san’atidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sharq xalqlari bilan ilmiy-ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, yangi iste’dodlarni kashf qilish, ma’rifiy-ma’naviy aloqalarni, yangi muloqot maydonlarini xalqaro miqyosda kengaytirishdir.
Festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda. Qisqa vaqt ichida anjumanga jahon xalqlari musiqasi tarixi, ijro uslublari, falsafiy-estetik tamoyillari, musiqa ta’limi, sohadagi muammo va yechimlarga oid 100 dan ortiq maqolalar keldi. Mualliflar orasida Germaniya, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya, Malayziya, Hindiston, Eron, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi davlatlardan yetuk olimlar va tadqiqotchilarning borligi ilmiy-amaliy konferensiyamiz-ning ahamiyatini yanada oshiradi.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
“Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali timsolida Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan yangi O‘zbekistonning dunyo tamadduniga beshik bo‘lgan tarixi, madaniy an’analari, musiqa san’ati, betakror milliy qadriyatlari, urf-odatlari, etnomadaniyati dunyoni qaytadan hayratga solayotganligi bugungi kun haqiqati, deya baralla ayta olaman.
San’at – do‘stlik rishtalarini bog‘lovchi, ko‘ngillarga orom, ilhom baxsh etuvchi, hayajon hamda muhabbat uyg‘otuvchi tug‘yonlari bilan beqiyos ta’sir kuchiga ega.
“Sharq taronalari” Afrosiyobning sirli tepaliklaridan, qadim qal’alar qa’ridan, Samarqand minoralari kabi ulug‘lashib, turli tilda so‘zlaguvchi odamlarni, qit’alarni bir-biriga yaqinlashtirguvchi ulug‘ vatanimizning bir bo‘lagiga aylandi. Niyatimiz Sharq xalqlari musiqiy merosini mukammal o‘rganish, zamonaviy media makonda keng targ‘ib qilish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, o‘zbek musiqiy merosining Sharq madaniyati va san’atidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, Sharq xalqlari bilan ilmiy-ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, yangi iste’dodlarni kashf qilish, ma’rifiy-ma’naviy aloqalarni, yangi muloqot maydonlarini xalqaro miqyosda kengaytirishdir.
Kuni kecha festivalning ochilish marosimida muhtaram prezidentimiz festivalning nomini kelajakda “Sharq taronalari” emas “Jahon taronalari” deya o‘zgartirish to‘g‘risidagi fikrlari bizni g‘oyat mamnun etdi. Haqiqatdan, bugun ushbu konferensiyada ishtirok etayotgan davlatlarning katta qismi boshqa qit’alar vakillari ekanligi buning isbotidir.
MAQOM KAPSULASI YARATILDI.
Aziz mehmonlar!
Bugungi san’at va nafosat bayramini yuksak saviyada o‘tkazish uchun fidokorona mehnat qilgan barcha insonlarga, bag‘rikeng, olijanob Samarqand viloyati hamda Samarqand shahri ahliga, anjuman ishtirokchilariga xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Festival doirasida boshlangan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.
Yana bir bor xush kelibsiz O‘zbekistonga!
E’tiboringiz uchun rahmat!
Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri.