QUTLOV!
2024-07-02 17:35:00 / Yangiliklar
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Qo‘mita raisi Rustambek Kurbanovning 70 yillik yubileyi munosabati bilan qutlov tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mutasaddilari, Qo‘mita rahbariyati va xodimlari, Milliy madaniy markazlar raislari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidov Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning tabrik xatini o‘qib eshittirdi va R.Kurbanovni uzoq yillardagi samarali mehnati uchun vazirlikning “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini topshirdi.
Rustam Djavdatovich Kurbanov ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent shahar Yunusobod tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Bektemir tumani hokimi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi Prezidenti (jamoatchilik asosida), O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimlarida ishlagan. Shu yillar mobaynida R.Kurbanov madaniyat va sport sohasi rivoji uchun salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Shu bilan birgalikda vazirlik tizimida ko‘plab yangiliklarni tadbiq etdi. Vazirlik va uning quyi tuzilmalarini kengaytirish, ularning o‘zaro bog‘liqligini va bir tizimda ish olib borishning yangi yo‘nalishlarini ochib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assosiatsiyasini tashkil etilishida tashabbuskor bo‘ldi.
2018 yildan buyon Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida faoliyat olib bormoqda.
U mehnat faoliyatida davomida millatlararo munosabatlarni yanada yaxshilash va respublikada istiqomat qilayotgan turli millat vakillaridan tashkil topgan milliy madaniy markazlarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularga barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga harakat qilmoqda. Xususan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kamsonli millatlar bo‘yicha Oliy komissari Lamberto Zanyer boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi mobaynida hamda 2019 yil Jeneva shahrida o‘tkazilgan Birlashgan millatlar tashkilotining Irqiy kamsitishni bartaraf etish bo‘yicha Qo‘mitasining 100-sessiyasida O‘zbekistondagi millatlararo munosabatlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan jahon ommasini tanishtirilishi O‘zbekistonning millatparvar xalq ekanligini isbotlab berdi.
Ayni paytdagi rahbarlik faoliyatidagi tashabbuskorligi, tashkilotchiligi natijasida respublikada milliy madaniy markazlar turli bayram va respublika miqyosidagi tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, milliy madaniy markazlarning o‘z millati va dinidan kelib chiqib, milliy bayramlarini nishonlashga keng imkoniyatlar yaratilishi ham alohida diqqatga sazovordir.
Rustam Djavdatovichga kelgusi mehnat faoliyatida omadlar va muvaffaqiyatlar tilaymiz.