II “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
2024-04-27 17:00:00 / Yangiliklar

27-aprel kuni II “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida “Xorazm “Lazgi” raqsi: Madaniy diplomatiyani rivojlantirishning ilmiy – nazariy, ma’naviy – ma’rifiy tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov II “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasidagi konferensiyada nutq so‘zladi.
Shuningdek, konferensiya dasturi doirasida, Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori Shuxrat Toxtasimov, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Urganch filiali professori, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova, Qozog‘iston milliy xoreografiya akademiyasi rektori Bibigul Nusipjanova Tojikiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Obid Nazariyon ishtirok etishdi.
Konferensiya davomida Xalqaro Turkiy Madaniyat tashkiloti – “TURKSOY” Bosh kotibi Sultan Rayev tomonidan o‘zbek milliy raqs san’atiga uzoq yillar xizmat qilgan va xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘lgan fidoyi ustozlar Gavhar Matyoqubova, Ziyoda Madrahimova, Karima Uzoqovalarga “TURKSOY” ko'krak nishoni topshirildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi: “Xorazm lazgi raqsi” san’atining azaliy an’analarini saqlash va rivojlantirish, raqs san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlikni mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishdan iborat bo‘lib, unda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya quyidagi shoʻbalarda ish olib bordi:
-“Xorazm Lazgi raqsi: tarixi, taraqqiyot bosqichlari va ilmiy – nazariy tamoyillari;
- Xalq raqsining dolzarb muammolari: tarixi, nazariyasi va metodologiyasi, Sharq va Gʻarb an’analari;
Moskva davlat xoreografiya akademiyasi professori Svyatoslav Olenev, Misrdagi Aleksandriya universitetidan doktor Manara Eldiyep, Hindistondagi J.Neru universitetidan professor Axlak Axan, Ollohobod universitetidan doktor Shamenaz Bano, Yaponiyadan Xaruka Tachibana, AQSHning Jorj Vashington nomidagi universitet professori, “Ipak yo‘li” raqs kompaniyasi rahbari, xoreograf va raqqosa Lorel Viktoriya Grey, Turkiya Respublikasidan Evelina Bekirova, Erondagi Xalqaro Sharq va Ipak yo‘li musiqa va raqs markazi menejeri Kalami Ruholloh Hassan hamda Moskva davlat lingvistika universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Jumabek Tashenev nomli universitet, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati, Turkiyaning Kutaxya Dumlupinar Universiteti, Ostonadagi Qozog‘iston milliy xoreografiya akademiyasi, Qozog‘iston milliy san’at akademiyasi, Oltoy davlat madaniyat institutidan olimlar, tadqiqotchilar jahon xalqlari san’ati, o‘zbek milliy raqs san’ati tarixi, shakllanish bosqichlari, marosim va folklor raqslari hamda ularning ifoda uslublari, raqs ta’limi, musiqa madaniyati, milliy va zamonaviy raqs san’atshunosligi muammolari, o‘zbek milliy raqs san’ati targ‘iboti, xorijiy mamlakatlardagi o‘zbek milliy raqs dastalarining faoliyati mavzusidagi maqolalarini yuborishgan.
Konferensiya davomida Misr, Hindiston, Bolgariya, Qozog‘iston, Rossiya, Yaponiya, Germaniya, Braziliya, Ozarbayjon va o‘zbekistonlik olimlar ma’ruza bilan bevosita Xiva shahridan ishtirok etishdi, AQSH, Eron, Germaniya, Rossiya, Hindiston va Qozog‘istonlik bir qator olimlar Zoom ilovasi orqali onlayn qatnashishdi.
Xalqaro anjuman doirasida konferensiya materiallari to‘plami taqdimoti hamda “Xorazm lazgi raqsi” tarixi va tadqiqiga oid kitoblar ko‘rgazmasi, davra suhbati tashkil qilindi.