YAYLOV XO‘JALIKLARINI BOSHQARISHNING YANGI TIZIMI JORIY ETILDI
2025-03-27 16:15:00 / Yangiliklar

Yaylovlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqamizda ekologik muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chorvachilikni rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilashda asosiy tabiiy manbalardan biri hisoblanadi.
Shu sababli yaylovlarning tabiiy sharoiti, konturlari, tuprog‘i, ulardagi o‘simliklar xilma-xilligi, miqdori va suv bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash talab etilmoqda.
Respublikaning 21 mln gektar (umumiy yer maydonining 47 foizi) maydonini egallagan yaylovlarning 50-70 foizi turli darajada inqirozga uchragan, 11 mln gektar yaylovning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolgan.
Yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimi joriy etilmaganligi va chorva mollari sonining keskin ortganligi bois yaylov yerlari katta bosim ostida qolgan. Buning oqibatida ozuqabop yem-xashak o‘simlik turlari siyraklashib, yo‘qolib ketish darajasiga yetgan.
Bugungi kunda 4,2 mln gektar yaylovda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazilib, degradatsiyaga uchragan maydonlarning xaritalari tayyorlangan hamda 420 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohasini har tomonlama rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunga qadar, sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta Farmoni, 33 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 56 ta qarori qabul qilindi.
Shuningdek, sohani rivojlantirishda fan, ta’lim va ilmning ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlagan holda mahsulot yetishtirish, ishlab chiqarish, qayta ishlash va realizatsiya qilishning “Xo‘jalikdan dasturxongacha” tamoyili asosida mexanizm yo‘lga qo‘yildi hamda oldin bo‘lmagan vertikal boshqaruv tizimi tashkil etildi.
Bunda, chorva mollarining naslini yaxshilash, ozuqa bazasini yanada mustahkamlash, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, naslchilik-seleksiya ishlari, hududlarda epizootik osoyishtalik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy asoslangan innovasion uslublarni joriy etishda ilmiy yondashuvlar asosida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025 yil 30 yanvardagi PF-15-sonli Farmoni chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish va yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish va mavjud yaylovlardan samarali foydalanishning huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Mazkur Farmon bilan yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalarning Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga berilganligi sohada yagona vertikal boshqaruv tizimini amalga oshirishga imkon yaratdi. Bir necha yillardan buyon Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufida faoliyat yuritib kelayotgan Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti va Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi ham endilikda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufida faoliyat yuritishi belgilandi.
Bundan tashqari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilib unga yaylov yerlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ularni muhofaza qilish, o‘simliklar tabiiy plantatsiyalarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish, yaylovlarda o‘simliklar urug‘chiligini rivojlantirish, yaylov yerlarini ijaraga berishni tashkil etish, shartnomaviy munosabatlarni monitoring qilish, qorako‘l zotining genofondini saqlash, takror ko‘paytirish va takomillashtirish, seleksiya-naslchilik rejalarini amaliyotga tatbiq etish hamda infratuzilmalarni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi bir qator vazifalar yuklatildi.
Veterinariya qo‘mitasi muassisligida davlat muassasasi shaklida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari, Qo‘mita Markaziy apparatida esa Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etildi.
Shuningdek, yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilib Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklatildi.
1) Jumladan: yaylov yerlaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, qorako‘lchilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ushbu yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash, qorako‘lchilik sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilib borish hamda bu boradagi mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan choralar ko‘rib borish, qorako‘lchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda yaylov ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni belgilash, soha faoliyatini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqotlar, innovasion ishlanmalar va seleksiya-naslchilik ishlari natijalarini amaliyotga keng ko‘lamda joriy etilishini ta’minlash, yaylovlarni boshqarish va monitoring qilishning institusional asoslarini takomillashtirish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish kabilardir.
Farmon bilan hududiy yaylov xo‘jaliklari yaylov yerlarini boshqarish va ulardan foydalanish, o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan yaylovlarni ijaraga berish sohasida o‘rmon xo‘jaliklari uchun belgilangan huquq va majburiyatlardan foydalanishi, shuningdek, yaylovlar chorvachilik va boshqa xo‘jaliklarga Respublika komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Muhtaram Prezidentimizning mazkur Farmonlari bilan yana bir muhim tizim joriy etildi. Ya’ni, yaylov yerlari uchun ijara to‘lovlari hamda elektron onlayn auksion savdolari natijalariga ko‘ra yaylovlarga ijara huquqini olish uchun to‘lanadigan mablag‘lar operator xarajatlari chegirib tashlangan holda Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilib, uning alohida hisobi yuritiladi. Jamg‘armaga kelib tushgan mablag‘lar esa yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, yaylov urug‘chiligini rivojlantirish va bu boradagi ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltirilishi belgilandi.
Mazkur Farmon chorvachilik xo‘jaliklari uchun ham bir qator imtiyozlarni tuxfa etadi. Jumladan, yaylovlar 49 yilgacha ijaraga berilishi, hududiy yaylov xo‘jaliklarining doimiy foydalanishdagi yaylov yer maydonlari soliq solinadigan bazaga kiritilmasligi belgilandi.
Barchamizga ma’lumki bir necha yillardan buyon yaylovlarni hisobini yuritish bo‘yicha yagona mexanizm yo‘q edi. Qabul qilingan Farmon bilan yaylov yer maydonlariga doir avtomatlashtirilgan «E-yaylov» elektron platformasi joriy etilishi belgilandi. Endilikda mazkur platformaga Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Kadastr agentligi, O‘zgidromet va «O‘zbekkosmos» agentligining yaylov yer maydonlariga doir avtomatlashtirilgan axborot tizimlari integratsiya qilinadi va yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Shuningdek, 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan yaylov yerlarini degradatsiyadan chiqarish va ulardan barqaror foydalanishni ta’minlash bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqilishi va mazkur dasturda quyidagilar nazarda tutilishi belgilandi.
Jumladan, yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, saqlash va takror ko‘paytirish maqsadida yaylov almashinuvini ta’minlash, yer egalari tomonidan yaylovlarda qimmatli ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, saksovul ekilishini tashkil qilish, yaylov yerlari bo‘yicha yaylovlar almashinishining kalendar rejasi va chorva mollarini o‘tlatishning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan foydalanish normalarini tasdiqlash va monitoring qilish tizimini joriy etish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ijara huquqini auksion orqali sotishdan tushgan tushumning bir qismini o‘simliklarga kimyoviy va biologik ishlov berish, o‘simliklarni himoya qilish, ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish va yaylov degradatsiyasining oldini olish tadbirlariga yo‘naltirish tizimini joriy qilish hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz mazkur Farmon bilan shu kunning o‘zida “Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-34-son qarorni imzoladilar.
Qaror bilan 2025-2026 yillarda xalqaro donorlardan, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligidan yaylovlar degradatsiyasining oldini olish va qorako‘lchilik sohasini rivojlantirishga 50 million AQSH dollari miqdorida mablag‘lar jalb etilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur Farmon va Qarorlar mamlakatda yaylov xo‘jaliklarini rivojlanishiga, chorva mollarining yuozuqa bazasini mustahkamlashga asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu nuqtai-nazardan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga yuklatilgan vazifalar ilmiy yondashuvlar va xorijiy tajribalar asosida amalga oshirilishi maqsad qilib belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati
Siddiqov Risqul Ergashboyevich
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati yordamchisi
Shaxarov Akram Akbarovich
