Xalq qabulxonasi mudirining o‘rinbosari tayinlandi
2026-07-15 09:00:00 / News

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshlig‘i Farrux Omonov, huquqni muxofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari, Prezident Xalq qabulxonalarining shahar-tumanlardagi xodimlari, ZOOM platformasi orqali shahar-tumanlar hokimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda dastlab tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda Namangan viloyatidagi Prezident Xalq qabulxonasi mudirining o‘rinbosari lavozimiga Yusupov Bahodir Tursunovich tayinlangani e’lon qilinib, uni yig‘ilish ishtirokchilariga tanishtirildi.
Xabaringiz bor, Prezidentimiz topshiriqlariga asosan aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolarni manzilli hal etish bo‘yicha yangicha tizimda ish tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilab olingan.
Shundan kelib chiqib, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida viloyat bo‘yicha fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati aniq misollar asosida tahlil qilindi.
Yig‘ilishda fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘rganish, takroriy murojaatlarning oldini olish, murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarni tizimli asosda hal etish hamda davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimi o‘rganishlar davomida aniqlangan ayrim kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va takrorlamaslik chora-tadbirlariga e’tibor qaratib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Ta’kidlash joiz, bugun fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi — davlat idoralari faoliyatining eng muhim mezonlaridan biri hisoblanmoqda. Zero, Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, aholi dardu tashvishlarini o‘z vaqtida eshitish va ularga qonuniy yechim topish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.









