Ilm-fanning iqtisodiyotga transferi: Tijoratlashtirishning yangi mexanizmlari.
2026-10-16 15:55:00 / News

Ilmiy kashfiyotning samaradorligi uning olimga daromad keltirishi, iqtisodiyotga yaratgan qo‘shilgan qiymati hamda jamiyatdagi mavjud muammolarga yechim bo‘la olishi hamda bozor talablariga muvofiqligi bo‘yicha baholanadi.
Iqtisodiyotga import o‘rnini bosa oladigan va raqobatbardosh yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun va mavjud texnologiyalarni bugungi kun talablariga muvofiq takomillashtirish uchun ham ilmiy-tadqiqotlar natijalarini joriy etish va olimlar bilan birgalikda tajriba sinov ishlarini o‘tkazish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib hisoblanadi.
Biroq olim yaratgan ilmiy ishlanmani bozorga tayyor mahsulot ko‘rinishida sotishgacha bo‘lgan jarayonlar ham alohida mablag‘ va mehnat talab etadi. Agar ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni moliyalashtirish va tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish uchun moliyaviy resurslar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mavjud bo‘lmasa bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari arxivlarda yoki laboratoriya bosqichlarida qolib ketadi.
Shu sababli ham xalqaro amaliyotda iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar ilmiy ishlanmalar va intellektual faoliyat natijalarini tijoratlashtirishni bir qancha usullar orqali qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib keladi.
Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish ilm-fan va iqtisodiyot o‘rtasidagi manfaatlarni uyg‘unlashtiruvchi hamda ularni bog‘lovchi eng muhim mexanizmlardan biri bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekistonda ham ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishni qo‘llab-quvvatlanmoqda ilmiy ishlanmalar asosida yangi mahsulotlar va xizmatlar yaratish rag‘batlantirilib, olimlarning ishlanmalarini iqtisodiy qiymatga aylantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 oktyabrdagi 554-son qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir.
Qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom ilmiy ishlanmalarni bozor talablariga mos ravishda tayyor mahsulot ko‘rinishga keltirish va tijoratlashtirishga tayyorlash, tajriba-sinov ishlarini tashkil qilish va bu jarayondagi xarajatlarni moliyalashtirish mexanizmlarini belgilaydi.
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish nima va u nima uchun muhim?
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish — Foyda olish maqsadida qonuchilikda belgilangan tartibda tuziladigan shartnomalar asosida yangi ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga joriy etish jarayoni tushuniladi.
Shuningdek, Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishning 3 xil ko‘rinishi mavjud:
yangi ishlanmalarni qo‘llagan holda yaratilgan tovarlarni (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) realizatsiya qilish ;
Oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilotlar muassisligida ilmiy ishlanmalarga asoslangan Spin-off korxonalarini tashkil etish va mazkur korxonalar tomonidan mahsulot ishlab chiqarib sotish;
intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulk huquqlarini uchinchi shaxslarga o‘tkazish va mazkur obyektlardan foydalanishga bo‘lgan huquqni royalti ajratmalariga asoslangan litsenziya shartnomalarini tuzish yo‘li bilan berish.
Masalan, olimlar suvni tejash imkonini beruvchi yangi texnologiya ishlab chiqdi. Laboratoriya sharoitida uning samaradorligi tasdiqlandi. Ammo texnologiyani fermer xo‘jaliklarida yoki tegishli sohalarga qo‘llash uchun uni ishlab chiqarish sharoitiga moslashtirish, tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish, bozorga sotish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va ishonchli natijalarni ko‘rsatish talab etiladi.
Aynan shu bosqichlar ilmiy g‘oya bilan uning daromad manbaiga aylanishgacha bo‘lgan jarayonlar o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini bajaradi.
Demak, ilmiy ishlanma tayyor bo‘lishi uning darhol bozorga chiqishi mumkinligini anglatmaydi. Buning uchun qo‘shimcha tadqiqotlar, tajriba-sinov ishlari, texnologik moslashtirish va bozor talabini o‘rganish zarur bo‘lishi mumkin.
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishning ahamiyati shundaki: u ilmiy natijaning laboratoriya yoki ilmiy maqola doirasida qolib ketmasdan, bozor iqtisodiyotiga transfer bo‘lishi, kirib borishi uchun sharoit yaratadi.
Ilmiy g‘oyadan tayyor mahsulotgacha
Ilmiy ishlanmani tijoratlashtirish bir nechta o‘zaro bog‘liq bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1. Ilmiy natijani aniqlash. Qanday muammo hal etilgani, ishlanmaning yangiligi va uning amaliyotdagi imkoniyatlari baholanadi.
2. Tajriba namunasini yaratish. Ilmiy g‘oyaning ishlashini amalda ko‘rsatadigan namuna tayyorlanadi.
3. Tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish. Ishlanmaning ishlab chiqarish sharoitidagi samaradorligi, ishonchliligi va foydalanish imkoniyatlari tekshiriladi.
4. Texnologik moslashtirish va zarur tasdiqlovchi hujjatlarni olish. Mahsulot yoki texnologiyaning xususiyatlariga qarab, sertifikatlashtirish va boshqa talablar bajariladi.
5. Bozorga chiqishga tayyorgarlik ko‘rish. Ishlab chiqarish imkoniyatlari, ehtimoliy xaridorlar, narx va iqtisodiy samaradorlik o‘rganiladi.
Bu jarayon har bir ishlanma uchun bir xil kechmaydi. Ayrim texnologiyalar tezroq amaliyotga joriy etilishi mumkin, boshqalari esa uzoqroq sinov va takomillashtirishni talab qiladi. Muhimi, har bir bosqich ishlanmaning haqiqiy imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi.
554-son qaror nimani o‘zgartiradi?
Qarorning 2-ilovasi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun loyihalar ishlab chiqish, ularni ekspertizadan o‘tkazish, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Nizomda nazarda tutilgan muhim jihatlardan biri — davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalarni keyingi bosqichga olib chiqish imkoniyatidir.
Bunda tajriba namunasini tayyorlash, tajriba partiyasini ishlab chiqarish, tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish, sertifikatlashtirish va texnologiyani ishlab chiqarish sharoitiga moslashtirish kabi ishlar nazarda tutilgan.
Moliyalashtirish esa avtomatik tarzda emas, balki Innovatsion rivojlanish agentligi tashkil etadigan tanlovlar asosida amalga oshiriladi. Loyihalarni moliyalashtirishda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hamda loyiha tashabbuskorlarining mablag‘lari nazarda tutilgan.
Bu mexanizmning muhim jihati shundaki, ilmiy natijani amaliyotga joriy etish uchun zarur tayyorgarlik ishlari alohida loyiha sifatida ko‘rib chiqiladi va belgilangan tartibda moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
Ya’ni olimning zimmasida faqat ilmiy natija olish vazifasi qolmaydi. Ushbu natijani ishlab chiqarishga yaqinlashtirish uchun ham muayyan imkoniyatlar yaratiladi.
Nega tijoratlashtirishga alohida e’tibor qaratish kerak?
Birinchidan, ilmiy natijalarning amaliy qiymati ortadi
Ilmiy tadqiqotlar jamiyat oldida turgan muammolarni hal qilishga xizmat qilganda ularning ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligida suv sarfini kamaytiruvchi texnologiya, tibbiyotda tashxis qo‘yish imkoniyatlarini yaxshilovchi qurilma, sanoatda energiyani tejovchi material yoki chiqindilarni qayta ishlash usuli — bularning barchasi ilmiy natijaning amaliy qiymatini ko‘rsatuvchi misollardir.
Bunday ishlanmalarni joriy etish orqali muayyan sohadagi xarajatlarni kamaytirish, ish samaradorligini oshirish yoki aholi uchun yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Ikkinchidan, ilm-fan va biznes o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanadi
Olim muammoni ilmiy jihatdan hal etishi mumkin, ammo uni ommaviy ishlab chiqarishga olib chiqish uchun tadbirkorlik tajribasi, investitsiya, marketing, texnologik salohiyat va xaridorlar bilan ishlash ko‘nikmalari ham zarur.
Tijoratlashtirish jarayonida olimlar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, korxonalar, investorlar hamda boshqa manfaatdor tomonlarning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Biznes esa o‘z navbatida ishlab chiqarishda qanday muammolar borligi, qaysi texnologiyalarga ehtiyoj mavjudligi va bozor qanday mahsulotni kutayotgani haqida ilm-fan vakillariga aniqroq tasavvur beradi.
Natijada tadqiqotlar iqtisodiyot ehtiyojlariga yaqinlashadi, ishlab chiqarish esa ilmiy yechimlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uchinchidan, yangi mahsulotlar, ish o‘rinlari va daromad manbalari paydo bo‘lishi mumkin
Ilmiy ishlanma asosida yangi mahsulot yoki xizmat yaratilishi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi mutaxassislarni jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Ayniqsa, universitetlar va ilmiy tashkilotlarda yaratilgan texnologiyalar asosida yangi korxonalar tashkil etilishi ilm-fanning iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytiradi.
Bunday natijalar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Ular puxta biznes-reja, bozor ehtiyojini to‘g‘ri baholash, malakali jamoa va samarali boshqaruvni talab qiladi. Ammo tijoratlashtirish ana shu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun yo‘l ochadi.
To‘rtinchidan, ilmiy ishlanmalarga sarflangan mablag‘larning samaradorligi oshadi
Ilmiy tadqiqotlarga mablag‘ yo‘naltirish — mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini rivojlantirishga kiritilgan sarmoyadir.
Agar tadqiqot natijasi amaliyotga joriy etilsa, u iqtisodiy va ijtimoiy samara keltirishi mumkin. Yangi texnologiya ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishi, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish imkonini berishi yoki import qilinadigan ayrim mahsulotlarning o‘rnini bosishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, tijoratlashtirish ilmiy natijaning hayotiyligini va uning iqtisodiyot uchun ahamiyatini namoyon etadigan muhim jarayondir.
Beshinchidan, olimlar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi
Tijoratlashtirish olimlarning o‘z tadqiqotlari natijalarini kengroq miqyosda qo‘llash, ishlanmalarining amaliy samarasini ko‘rish va iqtisodiyotning turli tarmoqlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Eng muhimi, ilmiy natijaning amaliyotda qo‘llanishi olimning mehnatiga bo‘lgan talabni oshirishi, yangi tadqiqotlarga ehtiyojni kuchaytirishi va keyingi ilmiy izlanishlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Shu tariqa ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabat shakllanadi.
Tijoratlashtirish — faqat mahsulot sotish emas
Tijoratlashtirishni faqat tayyor mahsulotni bozorga chiqarish bilan cheklab qo‘yish to‘g‘ri emas. Uning tarkibiga texnologiyani amaliyotga joriy etish, intellektual mulkdan foydalanish, ishlanmani korxonalarga litsenziya asosida berish, xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish yoki yangi korxona tashkil etish kabi yo‘nalishlar ham kirishi mumkin.
Shuningdek, har bir ilmiy natija ham darhol tijorat daromadi keltirishi shart emas. Ayrim tadqiqotlar jamoat salomatligi, ekologik xavfsizlik, ta’lim sifati yoki boshqa ijtimoiy vazifalarni hal etishga xizmat qiladi.
Bunday holatlarda ham ishlanmaning amaliyotda qo‘llanishi va jamiyat uchun foyda keltirishi muhim natija hisoblanadi.
Shuning uchun tijoratlashtirishga tayyorlash bosqichida faqat texnologiyaning ilmiy yangiligi emas, balki uning qo‘llanish imkoniyatlari, ehtimoliy xaridorlari, iqtisodiy samaradorligi va amaliy ehtiyoji ham o‘rganilishi zarur.
Xulosa: ilm-fan natijasi hayotga kirib borishi kerak
Vazirlar Mahkamasining 554-son qarori bilan belgilangan mexanizmlar ilmiy ishlanmalarni tajriba bosqichidan amaliyotga olib chiqish jarayonini tizimli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bu borada olimlarning tashabbusi, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning faolligi, tadbirkorlarning qiziqishi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining samarali ishlashi muhim ahamiyatga ega.
Zero, ilm-fanning salohiyati faqat yaratilgan ilmiy ishlar yoki olingan natijalar bilan emas, balki ularning insonlar hayotiga, ishlab chiqarishga va mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan ham namoyon bo‘ladi.
Ilmiy g‘oya amaliyotga tatbiq etilsa, texnologiyaga aylanadi. Texnologiya ishlab chiqarishga kirib borsa, yangi imkoniyatlar yaratadi. Ana shu jarayonning izchil yo‘lga qo‘yilishi esa ilm-fanni iqtisodiy taraqqiyotning muhim harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylantiradi.
