Asosiy kontentga o'tish

O‘zbekiston qor qoplonini asrash bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

2025-03-18 16:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Qozon (Tatariston) shahrida bo‘lib o‘tgan qor qoplonini asrash bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Anjumanda qor qoplonlari yashaydigan 12 davlatdan, jumladan, Afg‘oniston, Butan, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Nepal, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan davlat idoralari, ekologiya institutlari, ilmiy jamoatchilik, biznes va xayriya tashkilotlarining 180 nafar vakili qatnashdi.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha mamlakatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarni alohida ta’kidladilar. Xususan, soʻnggi besh yil ichida mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH) maydoni 4,6 foizdan 14,1 foizga oshgani qayd etildi. Bundan tashqari, ekoturizm va ekologik taʼlimni rivojlantirish uchun uchta yangi tashrif markazi ochildi, ulardan ikkitasi togʻ ekotizimlari va qor qoplonlarining yashash joylarini oʻrganishga qaratilgan.

O‘zbekiston tomonidan yurtimizda qor qoplonlari sonini monitoring qilish uchun GPS kuzatuvi va fotoqopqon kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish haqida ham aytib o’tildi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, mamlakatda ushbu noyob yirtqichning soni 100 dan oshadi.

Taqdimot davomida ishtirokchilarga 2024-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan Hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari bo‘yicha COP14 Tomonlar konferensiyasida qor qoplonini muhofaza qilish bo‘yicha Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilingani ham eslatib o’tildi. Shuningdek, delegatlar 2025-yil oxirida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan CITES COP20 konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasiga taklif qilindi.

Konferensiya yakunida qor qoplonlarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va jamoat tashkilotlari, davlat organlari va biznes hamjamiyatining o‘zaro hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan Qozon rezolyutsiyasi qabul qilindi.

459

Oxirgi yangilanish: 2025-03-19 12:50:59

O‘zbekiston qor qoplonini asrash bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi