Qurilish natijasida atmosferani ifloslantirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi
2025-02-20 18:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda respublikamiz shaharlarida chang koʻtarilishi holatlari tez-tez uchrab (bir yilda oʻrtacha 50–80 kun), atmosfera va fuqarolarning sogʻligʻiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunga esa qurilish obyektlari soni ortishi oqibatida ularning maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga koʻtarilishi ham sabab boʻlmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, 500 kv.m.lik ochiq qurilish maydonidan yiliga oʻrtacha 50 tonna chang va qum havoga koʻtariladi.
Aslida, qurilish hududlari, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritilgan. Biroq milliy qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changning havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan. Shu sababli qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik belgilash, ularning bu boradagi mas’uliyatini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Yangi Qonun loyihasi Davlat dasturida belgilangan topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida, qurilishda atmosfera havosini ifloslantirganlik uchun javobgarlikni kiritish boʻyicha ekspertlar ishtirokida va yetakchi xorijiy davlatlarning xalqaro tajribasini oʻrganib chiqqan holda ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun, Qozogʻistonda mazkur huquqbuzarlik uchun tadbirkorlarga 8 200 dollargacha, Belarusda yuridik shaxslarga 2 440 dollargacha jarima belgilangan. Rossiyada esa 208 dollargacha jarima yoki 90 kungacha faoliyatni toʻxtatib qoʻyish jazosi nazarda tutilgan (2007-yilda kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq).
Qonunga ko‘ra, MJtKga yangi 85(1)-modda orqali “Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik” huquqbuzarligi kiritilib, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (3,750 mln soʻm) jarima belgilanmoqda. Shuningdek, agar huquqbuzarlik jazo qoʻllanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslar BHMning 50 baravari (18,750 mln soʻm) miqdorida jarimaga tortiladi.
Ushbu Qonun binolar, inshootlar va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash davrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini oladi. Shuningdek, atrof-muhitning ekologik musaffoligini saqlash, fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini taʼminlaydi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.