O‘zbekistonning pestitsidlarni tahlil qilish bo‘yicha laboratoriya salohiyatini mustahkamlash tashabbusi boshlandi
2025-02-07 15:00:00 / Yangiliklar
![O‘zbekistonning pestitsidlarni tahlil qilish bo‘yicha laboratoriya salohiyatini mustahkamlash tashabbusi boshlandi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F2aba47ab-ae4f-c96d-ff29-91ede28bd497_lists_slider_35366.jpg&w=3840&q=75)
Loyiha O‘zbekistonning barqaror, Iqlimga neytral bo'lgan iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan keng ko‘lamdagi dasturning bir qismidir. Seminardan maqsad mamlakat bo‘ylab davlat va xususiy laboratoriyalarning asosiy manfaatdor tomonlarini birlashtirgan takomillashtirilgan kimyoviy tahlil va monitoring tizimlari orqali aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda turli davlat tashkilotlari, jumladan, Ekologiya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi hamda O'simliklar karantini va himoyasi agentligi, shuningdek, xususiy sektor laboratoriyalari vakillari ishtirok etdi. Seminarda O‘zbekiston laboratoriya tarmog‘idagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, uskunalarni modernizatsiya qilish, kadrlar tayyorlash va idoralararo hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, FAO boshlang‘ich laboratoriya baholashini o‘tkazgan hamda mamlakatda vazirliklar, akademik muassasalar va xususiy sektorda ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar tarmog‘i mavjud bo‘lsa-da, ushbu muassasalar muhim operatsion va strategik muammolarga duch kelganligini ko‘rsatdi, seminar ularni hal etishga qaratilgan.
FAO bosh texnik maslahatchisi Stiven Robinson o‘z nutqida ushbu tashabbus strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston pestitsidlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning muhim bosqichida. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, laboratoriya infratuzilmasini strategik konsolidatsiyalash, oziq-ovqat xavfsizligi va pestitsidlar qoldiqlarini tekshirish kabi kimyoviy tahlilning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli salohiyatni oshirish bilan birgalikda mamlakatning tahliliy imkoniyatlarini sezilarli darajada mustahkamlash imkonini beradi. Eng mustahkam poydevorga ega institutlarni aniqlash va ularga sarmoya kiritish orqali biz tartibga solish ehtiyojlariga xizmat qiladigan va qishloq xo‘jaligi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan markazlarni yaratishimiz mumkin. Bu yondashuv fermerlar, bozorlar va tartibga soluvchilarni bog‘lovchi yanada samarali va barqaror tizimni yaratadi”, — dedi u.
Texnik baholash O‘zbekiston laboratoriya sektori oldida turgan tizimli muammolarni ko‘rsatadi. Seminar davomida aksariyat laboratoriyalar barqaror biznes modellarisiz hukumat tashabbusi sifatida tashkil etilganligi, bu esa zarur materiallarni xarid qilish va malakali kadrlarni saqlashda operatsion qiyinchiliklarga olib kelishi ta’kidlandi. ISO 17025:2019 sertifikatiga ega bo'lishiga qaramay, ko'plab muassasalar moliyaviy va operatsion cheklovlar tufayli xalqaro akkreditatsiya standartlariga javob berishga qiynalmoqda. Hozirgi vaziyat turli institutsional laboratoriyalar o'rtasidagi murakkab o'zaro ta'sirni ko'rsatadi. Vazirliklar tarkibidagi davlat organlari oziq-ovqat xavfsizligi, atrof-muhit monitoringi va pestitsidlar qoldiqlarini tahlil qilishga ixtisoslashgan. Shu bilan birga, xususiy va akademik laboratoriyalar ushbu sa'y-harakatlarni qishloq xo'jaligi va atrof-muhit fanlari bo'yicha tadqiqot va sifat nazorati xizmatlari bilan to'ldiradi.
Loyiha milliy koordinatori Elmurod Nazarov takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlovchi institutsional tuzilmaga alohida to‘xtalib o‘tdi.|
“O‘zbekistonda pestitsidlarni samarali boshqarish bizning butun institutsional tuzilmamiz bo‘ylab muvofiqlashtirishni talab qiladi. Vazirlar Mahkamasining chiqindilarni boshqarish dasturlarini nazorat qilishdan tortib, Sog'liqni saqlash hamda Ekologiya vazirliklari mutaxassislari monitoringigacha, har bir agentlik ushbu murakkab ekotizimda muhim rol o'ynaydi. Markaziy tahliliy nazorat xizmatining laboratoriya monitoringi Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasining aholi salomatligi nazorati bilan hamkorlikda ish olib boradi, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi esa o‘simliklarni himoya qilish va ulardagi pestitsidlar qoldiqlarini kompleks tahlil qilish orqali qishloq xo‘jaligi xavfsizligini ta’minlaydi. Ushbu aloqalarni mustahkamlash va laboratoriya amaliyotini xalqaro standartlarga moslashtirish orqali atrof-muhit va inson hayotini himoya qilish uchun yanada mustahkam va integratsiyalashgan tizim yaratmoqdamiz”, — dedi u.
Ishtirokchilar FAO tomonidan 2024-yil oxirida o‘tkazilgan, oziq-ovqat va atrof-muhitdagi pestitsidlar, o‘g‘itlar va qoldiqlarni tahlil qilishga qodir laboratoriyalarni o‘rgangan keng qamrovli bazaviy baholash bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardilar. Ushbu baholash Xalqaro Savdo Markazining (ITC) laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish boʻyicha olib borayotgan ishlari bilan birgalikda Oʻzbekistonda laboratoriya salohiyatini oshirish boʻyicha strategik yoʻl xaritasini ishlab chiqishdan darak beradi. Seminarda laboratoriya operatsiyalarini o'zgartirish bo'yicha tavsiyalar, jumladan, operatsion xarajatlarni hisobga olgan holda barqaror biznes modellarini ishlab chiqish, inson resurslarini rag'batlantirish va infratuzilmani yaxshilashga ham katta e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar laboratoriyaning joriy faoliyati va kelajakdagi rivojlanish imkoniyatlari bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lishdi, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi laboratoriyasiga ekskursiya uyushtirishdi.