Ekologiya sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2025-02-03 16:00:00 / Yangiliklar
![Ekologiya sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F9edddac3-90c7-57f8-d807-6f3a1674337e_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi 124-son qaroriga muvofiq, shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tashkil etish, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda Ekologiya vazirligi mutaxassislari, “O‘zbekiston ekologik harakati”, “Mehr va Oqibat”, “Ekolog”, “Ekoland”, “Ekomaktab”, “Indigo”, “Jonli tabiat”, “Logos”, “Suvchi” tashkilotlari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, qo‘shma loyihalar natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ekologiya vazirligi vakillari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi, fuqarolik jamiyati vakillarining taklif va mulohazalarini tingladi.
Shuningdek, ekologik volontyorlikni rivojlantirish, havo sifatini yaxshilash, suv ifloslanishining oldini olish, chiqindilarni utilizatsiya qilish sohasida innovatsion yechimlarni joriy etish, ekologik ta’lim dasturlarini kengaytirish masalalari ko‘tarildi. Ishtirokchilar nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish mexanizmlari, ularning ekologik vaziyatni monitoring qilishda ishtirok etishi va ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini muhokama qildi.
Muhokamalar yakunida NNT vakillari tomonidan bildirilgan takliflar kelgusida amalga oshirish uchun tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga kiritiladi. Vazirlik mutaxassislari hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar va mamlakatning ekologik barqarorligiga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik muhimligini ta’kidladilar.