Daraxtlarni sug‘orishning zamonaviy tizimini joriy qilinadi
2025-01-16 15:30:00 / Yangiliklar
Unga ko‘ra, yomgʻir va oqova suvlardan hamda suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanishga qaratilgan zamonaviy sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Tizimni 32 ta shaharda 64 ta mahallada tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirish mexanizmi
Loyihaga ko‘ra, yomgʻir va oqova suvdan foydalanishning texnik va gigiyenik standartlari ishlab chiqiladi. Tajriba sifatida 500 kvadrat metrdan ortiq koʻp qavatli uylar, yangi qurilayotgan bino va ijtimoiy soha obyektlarida yomgʻir suvini yigʻish sinovdan oʻtkaziladi. Shuningdek, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida yomgʻir va oqova suvlarni yigʻish va ulardan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yashil hududlarda (“Yashil bogʻ”, “Yashil jamoat istirohat bogʻ”lari hamda “Yashil qoplamalar”) hamda koʻp qavatli uylarga tutash hududlarda ekilgan daraxt va butalarni sugʻorishda zamonaviy tizimdan foydalaniladi.
Afzalliklari
Kislota va ishqorning neytral balansiga ega, mikroelement va kislorodga boy yomgʻir suvi uylar tomidan plastik sigʻimlarga yigʻiladi. Sigʻimlar suvni uzoq vaqt saqlash uchun yer ostiga joylashtiriladi. So‘ng nasoslar bilan tomchilatib sugʻorish tizimi orqali koʻchatlarni sugʻorishga yoʻnaltiriladi. Har bir uyda yiliga 20-40 tonna yomgʻir suvini yigʻish evaziga 30 tadan 60 tagacha daraxtlarni suv bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
Xalqaro tajriba
Bugungi kunda bir qator xorijiy davlatlarda yomgʻir suvlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Turkiyada 2 ming kvadrat metrdan ortiq koʻp qavatli uylar hamda yangi qurilayotgan binolarda yomgʻir suvini yigʻish tartibi belgilangan. Germaniyadagi Frankfurt aeroportida esa yigʻilgan yomgʻir suvi aeroportning koʻkalamzorlashtirilgan hududlarining 60 foizini sugʻorish va texnik suv oʻrnini qoplash imkonini beradi.
Qolaversa, Hindistonda ham yomgʻir suvlaridan sugʻorish maqsadlarida keng foydalaniladi.
Kutilayotgan natijalar
Zamonaviy sug‘orish tizimi mamlakatda “yashil maydon”larni sezilarli koʻpaytirishga, ularni barqaror saqlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi, sanoat va maishiy sohada foydalanilgan oqova va chiqindi suvlarni tozalab, qayta foydalanishga kiritish choralarini koʻrish oʻz navbatida suvdan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025-yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!