Asosiy kontentga o'tish

Chiqindi xizmatlariga oid to‘lovlarda iste'molchilarning huquqlari mustahkamlanmoqda

2024-12-25 15:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yangi to‘lov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos va ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilinib, unga kiritilayotgan har bir norma deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Qonun loyihasi "inson manfaati hamma narsadan ustun" tamoyili asosida takomillashtirildi.

Mazkur qonun loyihasiga ko'ra, isteʼmolchiga chiqindi xizmatiga oid qarzdorlikni bartaraf etish uchun imkoniyat yaratiladi. Ya'ni unga to‘lovlardan qarzdorligi bo‘yicha qisqa xabar (SMS) yuborilib, 5 kun muhlat beriladi. Agar iste'molchi shu muddat ichida ham qarzdorlikni bartaraf etmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishi vaqtincha cheklanadi.

Ushbu qonun loyihasida isteʼmolchilar huquqlari mustahkamlanib, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlar to‘lovlarning haqqoniy va to‘g‘ri hisoblanishi uchun javobgar bo‘lishi, mazkur talablar buzilgan hollarda isteʼmolchiga yetkazilgan zarar qoplanishi belgilab qo‘yildi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov mexanizmlarini takomillashtirishga, chiqindi xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tasdiqlash uchun yuborildi.

839

Oxirgi yangilanish: 2024-12-25 16:02:52

Chiqindi xizmatlariga oid to‘lovlarda iste'molchilarning huquqlari mustahkamlanmoqda