YUNESKOning dastlabki roʻyxatida Oʻzbekistonning milliy tabiiy meros obyektlari haqidagi maʼlumotlar yangilandi
2024-12-18 17:00:00 / Yangiliklar
Nomzodnomalar ma'lumotlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tayyorlanib, YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya orqali taqdim etilgan.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning dastlabki tabiiy meros roʻyxati 2008-yilda yangilangan. 16 yildan soʻng ushbu milliy tabiiy meros obyektlari dastlabki nomzodnomalar roʻyxatidagi Zomin, Hisor va Shohimardon togʻlari, Sarmishsoy petrogliflari va Boysun makoniga oid maʼlumotlar yangilandi. Binobarin, YUNESKO mezonlari boʻyicha dastlabki roʻyxat maʼlumotlari har 10 yilda yangilanishi lozim.
Zomin, Hisor va Shohimardon togʻlari ma'lumotlari tabiiy meros tasnifida, Sarmishsoy petrogliflari va Boysun makoni ma'lumotlari esa aralash, yaʼni ham tabiiy, ham madaniy meros obyekti tasnifida yangilandi, Koʻhitang togʻi va Nurota togʻ tizmasi yangi milliy tabiiy meros obyektlari sifatida YUNESKO dastlabki nomzodnomalar roʻyxatiga kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan taqdim etilgan dastlabki nomzodnomalar roʻyxatiga nomzodnomalar YUNESKO 1972-yil konvensiyasining amaliy yoʻriqnomasida belgilanganidek tayyorlanganligi sababli YUNESKO Butunjahon merosi markazi tomonidan yuqori baho bilan qabul qilinib, Oʻzbekiston nomiga minnatdorlik maktubi yuborildi.
Ta’kidlash joizki, milliy tabiiy meros obyektlarining ana shunday muhim xalqaro ro‘yxatga kiritilishi mamlakatimiz tarixidagi muhim voqealardan biriga aylandi. Bunday natijalar mamlakatimiz tabiat yodgorliklarini jahon hamjamiyatiga targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga, milliy turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.