Orolqumda sayr qilayotgan sayg‘oqlar
2024-12-18 10:30:00 / Yangiliklar
Orolqum milliy tabiat bog'i 2022-yil 4-martda Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq tumanida tashkil qilingan. Hududda 25 tur hayvonlar uchraydi va shundan 4 turi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Sayg‘oqlar Orolqumda eng ko‘p uchraydigan tur bo‘lib, butunlay yo‘qolib ketish arafasida. Shuning uchun ham O‘zbekiston Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxatidan, shuningdek, CITESning II Ilovasidan ham joy olgan.
Oʻzbekiston Qozogʻiston Respublikasi bilan saygʻoqlarni saqlab qolish, tiklash va barqaror foydalanish boʻyicha oʻzaro anglashuv Memorandumi hamda saygʻoqlarni saqlab qolish va koʻpaytirish boʻyicha Hukumatlararo bitim imzolagan.
Shuningdek, brakonyerlikka qarshi kurashni kuchaytirish, hududiy muhofazasini yaxshilash, chegara toʻsiqlari va neft-gaz sektori, yoʻl-transport infratuzilmasi taʼsirini kamaytirish, transchegaraviy hamkorlik hamda sayg‘oqlarni asrab qolishga qaratilgan targʻibot ishlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.