Qurilish natijasida atmosfera havosi ifloslanishiga sabab boʻlgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish taklif etilmoqda
2024-12-12 09:45:00 / Yangiliklar
Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda yurtimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, insonlar sogʻligʻiga zararli taʼsirlarning oldini olish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Biroq bugungi kunda respublikamiz shaharlarida chang koʻtarilishi holatlari tez-tez uchrab (bir yilda oʻrtacha 50–80 kun), havo tarkibida mayda dispers zarrachalar belgilangan normadan (yillik 5 mkg/m.kub) oʻrtacha 10 barobar yuqori darajani tashkil etmoqda, bu esa aholining turmush tarzi, hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir qilmoqda. Ushbu salbiy holatning yuzaga kelishiga respublikada qurilish obyektlari soni ortishi oqibatida ularning maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga koʻtarilishi ham sabab boʻlmoqda.
Soʻnggi uch yilda qurilish obyektlari soni 3 barobar oshib, 2023-yil yakuniga koʻra 35,2 mingtani tashkil etgan (2022-yilda – 32 mingta, 2021-yilda – 31 mingta obyekt roʻyxatdan oʻtgan). Hisob-kitoblarga koʻra, 500 kv.m.lik ochiq qurilish maydonidan yiliga oʻrtacha 50 tonna chang va qum havoga koʻtariladi.
Qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changni havoga koʻtarilishiga yoʻl qoʻyganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yilgi Davlat dasturi boʻyicha Farmoniga asosan, qurilish maydonida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomgʻirlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritildi. Shu sababli qurilishdagi atmosfera havosi bilan bogʻliq talablarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali chang-toʻzonga befarq boʻlmaslik boʻyicha pudratchilarning masʼuliyatini oshirish zarurati paydo boʻlmoqda.
Yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganildi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi 85(1)-modda orqali “Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik” huquqbuzarligi kiritilib, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (3 million 750 ming soʻm), jazo qoʻllanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravari (18 million 750 ming soʻm) miqdorida jarima belgilanmoqda.
Maʼlumot uchun, Qozogʻistonda mazkur huquqbuzarlik uchun tadbirkorlarga – 8 200 dollargacha, Belarusda yuridik shaxslarga – 2 440 dollargacha jarima belgilangan. Rossiyada esa 208 dollargacha jarima yoki 90 kungacha faoliyatni toʻxtatib qoʻyish jazosi nazarda tutilgan (2007-yilda kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq).
Yangi qonun loyihasi doirasida kiritilgan oʻzgartirishlar natijasida:
— qurilish maydonlarida vakolatli organlarni xabardor qilish yoki kelishuv asosida maxsus oʻlchov asbob-uskunalari orqali havoning chang va qum zarrachalari bilan ifloslanishi belgilangan normativlarga asosan aniqlanadi;
— ekologik nazoratni amalga oshirish davrida qurilishda chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini toʻxtatish boʻyicha tezkor choralar koʻriladi;
— qurilish va pudratchi tashkilotlar tomonidan chang va qum zarrachalarining atmosferaga koʻtarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
— atrof-muhitni ifloslantiruvchi faoliyatlar boʻyicha davlat ekologik nazorat samaradorligi va qamrovi oshishiga erishilib, bularning natijasida salbiy oqibatlar kelib chiqishining oldi olinadi.