Noqonuniy qum-shag’al qazilishi natijasida tabiatga 65 milliard so’mdan ziyod zarar yetkazildi
2024-12-10 11:00:00 / Yangiliklar
Reyd davomida qum-shag‘al aralashmalari davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida davlat raqami “01 M 019830” bo’lgan yuk transport vositasiga yuklab berilayotganligi aniqlandi.
Holatga inspektorlar tomonidan aniqlik kiritilganida yuk transport vositasi haydovchisi qum-shag’al aralashmalarini shu hududda joylashgan “M.G.F.” MCHJga qarashli tosh maydalash sexiga olib borib to’kayotganligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan, holat natijasida tabiatga 65 mlrd 323 mln 200 ming so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo’ldi.
Shuningdek, texnika vositalari Quyi Chirchiq tumanida joylashgan jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtirildi. To’plangan hujjatlar esa holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko’ra, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan.