Me’yoridan ortiq ifloslangan moddalar chiqarayotgan korxonalarga choralar ko‘rilmoqda
2024-11-29 15:00:00 / Yangiliklar
Ta’kidlash joizki, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan sanoat korxonalaridan chiqadigan oqova suvlarning tabiiy suv obyektlariga zararini kamaytirish maqsadida xatlov o‘tkazildi. O‘zbekistonda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi I va II toifadagi lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish va mavjudlarini rekonstruktsiya qilish maqsadida 93 sanoat korxonasining ro‘yxati shakllantirildi.
Mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahridan chiqayotgan maishiy oqova suvlarni tozalovchi “Salar”, “Bektemir” va “Bo‘zsuv” to‘yintrish inshootlariga oqova suvlarini tashlayotgan sanoat korxonalari xatlovi amalga oshirildi. Oqova suvlar sifatini yaxshilash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi. Shaharda kommunal kanalizatsiya tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 140 ta sanoat korxonasining ro‘yxati shakllantirildi.
O‘rganishlar davomida 115 ta korxonadan kimyoviy tahlil namunalari olindi. 25 ta korxona faoliyat yuritmayotganligi aniqlandi. Me’yoridan ortiq ifloslangan moddalar chiqarayotgan 44 ta korxonaga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rildi. Ochiq suv havzalariga iflos oqovalar chiqarayotgan 72 ta sanoat korxonasida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Ularga ogohlantirish xatlari berilib, 38 korxonaga qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. 36 ta korxona bo‘yicha to‘plangan materiallar choralar ko‘rish uchun huquq tartibot idoralariga yuborildi.
Nukus shahrida ichimlik suvidan oqilona foydalanish va ifloslanishni kamaytirishga qaratilgan “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” reyting tizimi bo‘yicha xatlov o‘tkazildi. Buning uchun 38 ko‘p qavatli uy tanlab olindi.
Respublikadagi avtomobil yuvish shaxobchalarida suv aylanish tizimini joriy etish, ularni zamonaviy suv tindirgichlar va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlash, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi turlarni kengaytirish maqsadida mavjud 2180 shaxobchada ekologik monitoring tadbirlari o‘tkazildi. 803 ta avtomobil yuvish shaxobchasi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi turlarga aylantirildi. 1161 shaxobcha oqova suv tindirgich va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlandi. Natijada avtomobil yuvilishidan hosil bo‘ladigan oqova suvlarning 60 foizi tozalanishiga va suv resurslari tejalishiga erishildi.
O‘zbekiston bo‘yicha 2024-yilda 2000 gektar yer maydonlarini rekultivatsiya qilish rejalashtirilgan. O‘tgan 9 oy davomida 1100 gektar yer maydoni rekultivatsiya qilindi. Uch yarim mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan buzilgan yerlarning rekultivatsiyasi nazoratga olindi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-son Farmoniga asosan, Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallar qazishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan edi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Favqulodda vaziyatlar va Suv xo‘jaligi vazirliklari hamda hududiy bo‘linmalar bilan hamkorlikda respublika hududidagi daryo va soylarda shartnoma asosida o‘zan tozalash ishlari bajarilayotgan 310 uchastkada loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertizasi talablarining bajarilishi tanqidiy o‘rganildi.
Moratoriy munosabati bilan daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga shartnoma asosida jalb qilingan 138 tadbirkorlik subyekti bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilindi.
2024-yil yakuniga qadar sanoat va ishlab chiqarish oqovalarining tabiiy suv obyektlariga zararini kamaytirish maqsadida 38 korxonada lokal oqova tozalash inshootlari quriladi va mavjudlari rekonstruktsiya qilinadi.
Yer osti boyliklari qazib olinishi oqibatida buzilgan yer maydonlarini 2023–2025-yillarda hududlar kesimida rekultivatsiya qilish rejasiga muvofiq jami 900 gektar yer maydoni rekultivatsiya qilinishi nazoratga olinadi.
Shuningdek, “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” reyting tizimi bo‘yicha g‘olib deb topilgan 20 xonadon hamda 50 foizdan ziyod xonadonlari belgilangan me’yorlardan kam suv ishlatgan 20 ta ko‘p qavatli uyga vazirlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyosh panellari yoki uylar atrofiga yoritish moslamalari o‘rnatib beriladi.
1390 ta avtomobil yuvish shaxobchasida bosqichma-bosqich suv aylanish tizimini joriy etish, ularni zamonaviy suv tindirgichlar va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlash, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi turlarni kengaytirish maqsadida ekologik monitoring tadbirlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, mamlakatda oqova suvlar tarkibida ifloslantiruvchi moddalarni me’yorlash uchun qo‘llaniladigan milliy standartlarni yangilash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqiladi.