Ekologik huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda
2024-11-26 12:30:00 / Yangiliklar
Xususan, endilikda Jinoyat kodeksining 202-moddasiga ko'ra, hayvonot yoki o'simlik dunyosiga ko'p miqdorda zarar yetkazilganda va bu bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilganda, BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 300 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, 202-moddaga ko'ra, hayvonot yoki o'simlik dunyosiga taqiqlangan qurollar yoki vositalarni qo'llagan holda zarar yetkazilsa, bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Ushbu moddaga quyidagi mazmundagi 4-qism qo'shildi:
"Elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo'llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".
Qonun bilan MJtKga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, 79-moddaga quyidagi mazmundagi 2-qism qo'shildi:
"O'z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog'ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo'llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o'simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo'q qilish fuqarolarga BHMning 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima solishga sabab bo'ladi".
Kodeksning 3-qismiga kiritilgan o'zgartirishga ko'ra, yuqoridagi huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, huquqbuzarlik quroli yoki bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50-75 baravari, mansabdor shaxslaga esa 75-100 baravarigacha miqdorda jarima belgilanadi yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosi tayinlanadi.
Kodeksning 90-moddasi quyigachia o'zgartirildi:
"Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish, jinoyat alomatlari mavjud bo'lmasa, fuqarolarga BHMning 20-30 baravari, mansabdor shaxslarga 30-40 baravari miqdorida jarima qo'llanadi. Huquqbuzarlik chora ko'rilganidan keyin bir yil davomida takror sodir qilinsa, huquqbuzarlik quroli musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 30-40 baravari, mansabdor shaxslarga 40-50 baravari miqdorida jarima solinadi. Huquqbuzarlik ikki marta chora ko'rilganidan keyin ham bir yil davomida yana sodir etilsa, huquqbuzarlik quroli musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 40-50 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50-70 baravari miqdorida jarima solinadi yoki huquqbuzarlik qurollari musodara qilinib, 3 yilgacha ov qilish huquqidan mahrum qilishga sabab bo'ladi".
Qolaversa, tegishli ruxsati bo'lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollardan yoki usullardan foydalangan holda ov qilish yoxud baliq ovlash (bundan elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo'llash hollari mustasno) huquqbuzarlik quroli musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50-70 baravari, mansabdor shaxslarga esa 70-100 baravari miqdorida jarima solishga yoxud huquqbuzarlik quroli musodara qilinib. 3 yilgacha ov qilish huquqidan mahrum etishga sabab bo'ladi.
Bundan tashqari, MJtKning 197(6)-moddasiga ko'ra, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilganlik va qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarima miqdori fuqarolarga BHMning 5-10 baravari (1-3 baravari miqdorida edi), mansabdor shaxslarga esa 20-30 baravari (3-5 baravari miqdorida edi) qilib belgilandi.
Shuningdek, huquqbuzarlik chora ko'rilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 10-15 baravari, mansabdor shaxslarga esa 30-40 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo'ladi.
"Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to'g'risida"gi Qonunga ham o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Jumladan, qonunning 49-moddasi "Qonunga xilof ravishda tutilgan yovvoyi hayvonlarni, ularning yashash faoliyati mahsulotlarini, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda tutishda foydalanilgan ov qurolini va ov qilish qurolining boshqa turlarini olib qo'yish" deya o'zgartirilib, birinchi qismida bu jarayon qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilandi.
"Ov qilish va ovchilik xo'jaligi to'g'risida"dagi Qonun ham tahrir qilindi. Qonunning 21-moddasida qarmoqlar, ikki tomonlama mahkamlanadigan o'ntadan ko'p bo'lmagan ilgakli vositalar, katak o'lchami ruxsat etilgan hajmdagi to'rlar baliq ovlash qurollari ekanligi qayd etildi.
Mazkur Qonun elektr toki, portlovchi yoki kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlar kabi taqiqlangan qurollardan yoki usullardan foydalangan holda qonunga xilof ravishda ov qilish hollarining oldini olish orqali biologik resurslarni muhofaza qilishga, daraxtlarni va butalarni yo'q qilish bo'yicha huquqbuzarliklarning oldini olishga, shuningdek, davlat inspektorlarining qonuniy ko'rsatmalariga rioya etilishini ta'minlashga va davlat ekologik nazorati instituti samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.