TXTY-2024: O‘zbekiston global turizm muloqoti markazida
2024-11-22 15:00:00 / Yangiliklar
Tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Gruziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Germaniya, Tailand, Malayziya, Chexiya, Belarus, Indoneziya, Hindiston, Pokiston va boshqa 16 davlatdan turizm sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR markazi” davlat unitar korxonasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi ko‘magida “Team & Co Group” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Yarmarkaning ochilish marosimida nutq so‘zlagan Umid Shodiyev mamlakatimiz hukumati tomonidan turizm sohasida sayyohlik biznesini ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar barpo etish, ko'proq sayyohlarni chaqirish uchun xalqaro mehmonxona brendlarini jalb qilish va charter reyslarini tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
"Amalga oshirilayotgan ishlar yaxshi samara bermoqda. Mamlakatimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni yil sayin ortib bormoqda. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 7 millionga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda uni 10 millionga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz”, — dedi U. Shodiyev.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov yarmarkada namoyish etilgan stendlar bilan tanishib, turizmni barqaror rivojlantirish, mamlakatimizning tabiiy va madaniy merosini asrab-avaylash nafaqat xorijlik mehmonlarni jalb etish, balki turizm industriyasini rivojlantirish va atrof-muhit o'rtasidagi uyg'unlikni saqlashga yordam berishini ta'kidladi.
TXTY-2024 ko‘rgazmasining o‘ziga voqeligi Rossiya Federatsiyasining Oltoy Respublikasi va Vladimir viloyati kabi mintaqalaridan yangi eksponentlar, shuningdek, Gruziya, Chexiya va Germaniya Federativ Respublikasining yangi kompaniyalari ishtirokida bo‘ldi. Shuningdek, joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining Xitoy Milliy pavilyoni bilan ilk bor namoyish etishi ham alohida e’tiborga loyiqdir.
Bu yilgi yarmarkada butun dunyodan turizm biznesi mutaxassislari: yetakchi sayyohlik va transport kompaniyalari, yirik mehmonxona tarmoqlari, diplomatik korpuslar, turizm sohasidagi taʼlim muassasalari xodimlari, MICE turizm vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda TXTY mahalliy va xalqaro tashkilotlardan 1500 dan ortiq ishtirokchilarni, “Hosted buyers” dasturi bo‘yicha 15 ta xorijiy va 50 dan ortiq mahalliy sayyohlik kompaniyalarini, shuningdek, 30 ta davlatdan 13 000 dan ortiq mehmonni qabul qildi. Bundan tashqari, o‘tgan yilgi yarmarkada turizm sohasi vakillari o‘rtasida 8 mingdan ortiq shartnoma imzolangan, 20 mingdan ortiq muzokaralar o‘tkazilgan.
TXTY-2024'ning uch kunlik dasturidan Media-kampus, sayyohlik yo‘nalishlari taqdimotlari, kirish va ta’lim turizmi bo‘yicha sessiyalar, ishbilarmonlik muzokaralari va uchrashuvlar o‘rin olgan.