Asosiy kontentga o'tish

BMT bilan iqlim migratsiyasi sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda

2024-11-22 11:30:00 / Yangiliklar

Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan COP29 iqlim konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) Bosh direktori oʻrinbosari Ugochi Daniels o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda V.Daniels O‘zbekiston Milliy pavilyonini va undagi noyob dizayn va madaniy eksponatlarni yuqori baholadi. U O‘zbekiston Milliy pavilyonida “Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Kaspiy dengizi mintaqasida iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi migratsiyasining oldini olish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi yordamchi tadbir uchun minnatdorlik va iqlim migratsiyasi masalalari bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga ishonch bildirdi.

Ma’lumot uchun, COP29 doirasida O‘zbekiston Milliy pavilyonida “Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Kaspiy dengizi mintaqasida iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi migratsiyasining oldini olish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida yordamchi tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda iqlim o‘zgarishi sharoitida inson migratsiyasi muammolarini hal qilish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqishda mintaqaviy hamkorlikning roli muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Kaspiy dengizi mintaqasida inson omili va iqlim o‘zgarishi o‘rtasidagi bog‘liqlik, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdilar, shuningdek, COP29 yakuniy hujjatlarida hisobga olinadigan mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Migratsiya strategiyasida 2021-yildan boshlab iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq migratsiya masalalariga alohida e’tibor qaratayotgan Xalqaro migratsiya tashkiloti faoliyatiga yuksak baho berdi. Uchrashuvda ekologik muammolar ko‘lami, jumladan, mintaqadagi migratsiya sabablaridan biriga aylangan Orol fojiasi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli 2050-yilda Markaziy Osiyoda muhojirlar soni 2,4 million kishiga ko‘payishi haqidagi prognozlardan keskin xavotir bildirildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqlim o'zgarishi sharoitida tog'li hududlarda insonlarning migratsiyasi bilan bog'liq, atrof-muhit va iqlim o'zgarishi sohasida tadqiqotlar olib borish, iqlim migratsiyasiga javob berish uchun bilim, salohiyat va texnik xabardorlikni oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

277

Oxirgi yangilanish: 2024-11-22 12:43:27