“Euronews” telekanali bilan ekologiya va turizm sohalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2024-11-20 13:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuv avvalida A.Abduhakimov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish kampaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim Kengashining tashkil etilishi va boshqa tashabbuslar haqida ma’lumot berdi. O‘z navbatida U.Shodiyev mamlakatimiz turizm industriyasidagi loyihalar haqida gapirdi.
Uchrashuvda yurtimizda ikkita muhim universitet – Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (“Green University”) va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining ochilishi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida telekanallarda mamlakat haqidagi xolis ma’lumotlarni yoritish, uning boy sayyohlik salohiyati va madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilish orqali O‘zbekiston imijini ommalashtirish bo‘yicha samarali hamkorlikni muhokama qilishdi. Qo‘shma loyihalar, jumladan, hisobotlar, dasturlar, reklama va O‘zbekistondagi yirik tadbirlarni yoritish minglab yangi sayyohlarni jalb qilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: “Euronews” – Yevropaning kunlik 24 soatlik yangiliklar kanali bo‘lib, o‘zida jahon voqealari videoxronikasi va 30 tildagi audio sharhlarni birlashtirgan. Joriy yilda telekanal O‘zbekiston haqida keng ko‘lamli axborot kampaniyasini boshlab yubordi, jumladan, 280 martalik translyatsiyadan iborat 5 ta ko‘rsatuv, 630 martalik translyatsiyadan iborat reklama roliklari namoyishi bo’lib o’tdi, “Euronews” sayti va ijtimoiy tarmoqlarda maqolalar chop etildi.
Bundan tashqari, hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekistonda ekoturizm va ekologik tashabbuslar bo‘yicha maxsus dasturlar turkumini yaratish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni, shuningdek, yosh va faol auditoriyani jalb qilishga yordam beradigan ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar uchun kontent ishlab chiqishni taklif qildi.
Pedro Vargas Devid O‘zbekiston sarmoya uchun ajoyib mamlakat ekanligini, “Euronews” esa mamlakatning ijobiy imijini ilgari surish, shuningdek, ekologiya va turizm sohalaridagi o‘zgarishlar va innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashishda davom etishini ta’kidladi.
Tomonlar “Euronews” platformasi orqali yangi loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekistonni jahon miqyosida samarali targ‘ib qilish mexanizmlarini aniqlash bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.