Global iqlim konferensiyasi doirasida Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari uchun hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-11-15 13:00:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) Ijrochi kotibi o‘rinbosari Andrea Meza Murillo, BMT YeIK Ijrochi kotibi Tatyana Molchan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO) Bosh kotibi Asad Majid Xon, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va boshqalar ishtirok etdi.
Sessiya nomutanosib taʼsir koʻrsatayotgan iqlim inqirozi sharoitida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida yuzaga kelgan yer degradatsiyasi muammolariga eʼtibor qaratish maqsadida tashkil etilgan.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida mamlakatimiz hukumati tomonidan yerlarni tiklash va Orol dengizi ekotizimini muhofaza qilish, suv resurslarini barqaror boshqarish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo'yicha xalqaro markaz tashkil etish tashabbusi haqida gapirdi.
“Ushbu markaz iqlim xatarlarini tahlil qilish va moliyaviy baholashga hissa qo‘shib, mintaqamizda va undan tashqarida moslashish strategiyasini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi”, – dedi vazir.
O‘z navbatida, T.Molchan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqlim o‘zgarishi sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi, ayniqsa, Respublikani obodonlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” milliy loyihasini ta’kidlab o'tdi.
A.Bassani Markaziy Osiyo mintaqasi haqida gapirar ekan, O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi. Jahon banki vitse-prezidenti Prezident Shavkat Mirziyoyevga iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga ko‘rsatayotgan e’tibori va sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qayd etdi.
Ishtirokchilarning taʼkidlashicha, choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha mintaqaviy va global harakatlarsiz har ikki darajadagi moslashish va taʼsirlarni yumshatish harakatlariga sezilarli darajada toʻsqinlik qiladi. Yer degradatsiyasini UNFCCC doirasiga kiritish orqali muhokamalar olib borish zarar ko'rgan davlatlar o'rtasida muloqot va muvofiqlashtirish platformasini tashkil qiladi. Mintaqa ichida va tashqarisida hamjihatlik va hamkorlik bu muammoni hal qilishning yagona yo'lidir.