COP29: O‘zbekistonning yashil an’analari va innovatsiyalari xalqaro e’tibor markazida
2024-11-11 18:00:00 / Yangiliklar
Ushbu muhim voqea iqlim o'zgarishining eng jiddiy oqibatlarining oldini olish bo'yicha xalqaro iqlim majburiyatlarini kelishish va chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun eng muhim platformaga aylandi. COP29da asosiy e’tibor moliyaviy masalalarga qaratiladi, chunki ishtirokchi mamlakatlar uchun issiqxona gazlari emissiyasini sezilarli darajada kamaytirish va insonlarning hayoti hamda turmush darajasini iqlim o'zgarishining kuchayib borayotgan ta'siridan himoya qilish uchun zarur bo'lgan sarmoya bilan ta'minlash juda muhimdir.
Boku Olimpiya stadionining koʻk zonasida boʻlib oʻtgan konferensiya doirasida 150 ta davlat va tashkilotlar oʻzlarining tematik pavilyonlarini taqdim etdilar, ulardan 70 dan ortigʻi konvensiya ishtirokchilarining milliy pavilyonlari bo‘ldi.
Ko‘rgazmalar markazining markaziy qismida joylashgan O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tadbirning birinchi kunida 1000 dan ortiq delegat tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonlar orasida Ozarbayjon jamoat arbobi Leyla Aliyeva, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari Viorell Gutsu, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nasinbayev, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Taʼlim, fan va madaniyat boʻyicha Islom tashkiloti (ICESCO) vakillari ishtirok etdilar.
Barqaror, anʼanaviy materiallar va mamlakat iqlimiga moslashtirilgan usullardan foydalangan holda qurilgan “Oʻzbekiston” pavilyoni anʼanaviy naqsh va suvoq, ayvon va tapchan kabi elementlarni oʻzida aks ettiradi. Ular birgalikda tabiatga g'amxo'rlik qilish, oilaviy an'analar va o'zbek xonadonidagi farovonlik kabi madaniy qadriyatlarni mujassamlashtirgan.
Pavilyon hurmatli mehmonlar va delegatlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, Leyla Aliyeva pavilyonda namoyish etilgan madaniy meros va ekologik yutuqlarga alohida qiziqish bildirdi. Orol fojiasi ko'lami va uning qurigan tubida olib borilgan o'rmonlarni qayta tiklash ishlari unda katta taassurot qoldirdi.
Oʻz navbatida, Q.Omuraliyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning TDT mamlakatlari Ekologik kengashini tuzish tashabbusini alohida taʼkidladi va Oʻzbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari boʻyicha masʼul vazirlarning birinchi yigʻilishini oʻtkazishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekistonning COP29 dagi ishtiroki mamlakatning iqlim bo‘yicha global maqsadlarga sodiqligini va xalqaro hamkorlikka tayyorligini ko‘rsatdi. Pavilyon nafaqat muhim ekologik muammolarni muhokama qilish, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mintaqa xalqlarini birlashtiruvchi tajriba va madaniy qadriyatlar almashish maskaniga aylandi.