Noqonuniy qum-shagʼal qazib olish natijasida tabiatga 230 millard soʼmdan ortiq zarar yetkazildi
2024-11-08 16:45:00 / Yangiliklar
Yangiyoʼl tumani, "Paxtachi" MFY hududida bo‘lib o‘tgan reyd davomida davlat raqami yechib olingan yuklagich (ekskavator) yordamida yuk tashuvchi avtotransport vositasiga Chirchiq daryosining oqim boʼylab oʼng qirgʼogʼi muhofaza mintaqasi hududidan qum-shagʼal aralashmasi ortib berilayotganligi aniqlandi.
Inspektorlar tomonidan holatga aniqlik kiritilganida “M.Q.T.” MCHJga tegishli avtotransport vositalari yordamida qum-shagʼal aralashmasi qazib olinib, “G.S.” MCHJ tegishli boʼlgan tosh maydalash sexiga olib borib toʼkilayotganligi ma'lum bo‘ldi.
Natijada tabiatga 233 milliard 99 million 588 ming 672 soʼm zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan toʼplangan hujjatlar huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga va boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilmoqda.