Saqlash taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxati tasdiqlandi
2024-11-07 15:30:00 / Yangiliklar
Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, unga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy ravishda yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda bo‘lishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati belgilandi.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra, ushbu yovvoyi hayvonlarni davlat va sayyor sirklarda (chodirlarda) saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlanadi.
Ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan tashkil etiladigan hayvonot bog‘lari va (yoki) pitomniklarda (terrarium, okeanarium va boshqalar) boqilishi mumkin.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi va zaharli hayvonlar qonun hujjatlariga muvofiq maxsus pitomniklarda boqiladi.