Oʻzbekiston tomonidan iqlim masalalari bilan bogʻliq muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda
2024-11-07 10:00:00 / Yangiliklar
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Dubayda (BAA) oʻtkazilgan COP28 konferensiyasida iqlim oʻzgarishiga qarshi faqat birdamlik va keng xalqaro hamkorlik orqali samarali kurashish mumkinligini taʼkidlab, qator tashabbuslarni ilgari surgandi. Xususan, Parij shartnomasi doirasida Iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishish tarafdori ekanligini taʼkidlab, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida Adaptatsiya strategiyasi ishlab chiqilayotganini bildirgan edi.
Oʻtgan davr mobaynida bu tashabbus samarali amalga oshirildi. “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha mintaqaviy strategiya” Germaniya hukumatining “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi koʻmagida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyihasi doirasida Qozogʻiston, Kirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston davlatlari tomonidan ishlab chiqildi.
“Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasi” tegishli vazirlar va vazir oʻrinbosarlaridan iborat yuqori darajadagi guruh sifatida shakllantirildi.
Shuningdek, 2023-yil 30-noyabr – 12-dekabr kunlari Dubay shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (COP28)da Markaziy Osiyo mamlakatlari pavilyoni tashkil qilindi, unda iqlim kun tartibiga oid bir qator mavzular boʻyicha tadbirlar oʻtkazildi. COP28 doirasida Markaziy Osiyoda Iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha mintaqaviy strategiya va Markaziy Osiyo davlatlarining Mintaqaviy bayonoti taqdim etildi.
Konferensiya doirasida tashkillashtirilgan tadbirlarda “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti” ishtirokchilari faol qatnashdilar. BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Doiraviy konvensiyasi konferensiyalarining muzokara jarayonlarida ishtirok etish uchun Markaziy Osiyo muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surish masalasi koʻrib chiqildi.
2024-yil 27-may kuni Olmaota shahrida va 25-iyul kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha Mintaqaviy strategiyani amalga oshirish boʻyicha Ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazildi.
Bundan tashqari, Prezident COP28ʻda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish lozimligini qayd etib, Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida “Iqlim ilmiy forumi (rezidensiyasini)”ni tashkil etish va uning doirasida yer degradatsiyasi, suvdan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini oʻrganish tashabbusini bildirgandi.
Bu borada “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashini tashkil etish toʻgʻrisida” 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-son Farmoniga muvofiq, ilmiy va akademik salohiyatni oshirish hamda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida (Green University) Iqlim ilmiy rezidensiyasi tashkil etildi. Hozirgi kunda Iqlim ilmiy rezidensiya konsepsiyasi hamda Ilmiy rezidensiya nizomi, Ilmiy rezidensiyaga qabul qilish shartlari ishlab chiqildi.
Bugungi kunda Ilmiy rezidensiyada qatnashish uchun Leybnis nomidagi Mintaqaviy geografiya instituti va Barqaror rivojlanish uchun Ebersvalde universiteti tomonidan arizalar topshirilgan.
Bundan tashqari, Davlatimiz rahbari tomonidan COP28ʻda global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish, BMT rezolyutsiyasi asosida Orolboʻyi hududini ekologik ofat zonasidan “innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasi”ga aylantirish va bu yerda Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratish hamda boshqa tashabbuslar ham ilgari surilgandi. Bugungi kunda mazkur tashabbuslar borasida ham amaliy harakatlar olib borilmoqda.
Jumladan, Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratish borasida Ekologiya vazirligi tomonidan Orolboʻyi iqlim texnologiyalari xalqaro innovatsion markazi konsepsiyasi shakllantirildi. Hududning master-rejasini ishlab chiqishga pudratchi tashkilotni tanlash uchun konsepsiya taqdimoti va texnik shartlar tayyorlandi. Hududiy rejalashtirishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Orolboʻyi mintaqasida 2030-yilgacha boʻlgan davrda ekologik innovatsiyalar va iqlim texnologiyalarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaror loyihasi ham tayyorlandi. Loyihaga koʻra, “Ekologik tadbirkorlik”ni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy iqlim xususiyatlariga chidamli oʻsimlik turlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Orol vodiysi” (The Aral valley) iqlim texnologiyalari “ekspo-xabi”ni barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ekologik mahsulotlar urugʻlari va koʻchatlarini yetishtirish, olib kirish va plantatsiyalarni tashkil etish yuzasidan startap loyihalarning xalqaro tanlovini tashkil etish, loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish, eksportni yoʻlga qoʻygan korxonalar uchun imtiyozli kreditlarni ajratishni yoʻlga qoʻyish va ularni qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, Orolboʻyi mintaqasida iqlim barqarorligini taʼminlash va ekologik muammolarga bagʻishlangan “Climate Expo” koʻrgazmasini tashkil etish, Orolboʻyi hududini barqaror rivojlantirish yoʻlida xalqaro hamjamiyatni keng jalb etish maqsadida Moʻynoq tumanida ochiq osmon ostida “Orol tabiati laboratoriyasi”ni tashkil etish belgilanmoqda.
Qaror loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida tashabbuslar va amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarga taklif va tavsiyalar asosida qoʻshimchalar hamda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Davlatimiz rahbari tomonidan Boku mezbonlik qiladigan COP29 doirasida ham qator dolzarb tashabbuslar ilgari suriladi. Oʻzbekiston ushbu tashabbuslarni amalga oshirish, iqlim muammolarini bartaraf etish va oqibatlarini yumshatish borasida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishi shubhasiz. Zero bugunga kunda iqlim muammolari kechiktirib boʻlmas masalaga aylanib ulgurdi.