Tasqara qushiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda
2024-10-31 17:15:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Toshkent tumanidagi aholi yashash punktiga yirtqish qush kelib qolganligi haqida xabar tarqaldi.

Holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va vazirlikning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijasida ushbu qush tasqara ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, tasqara zaifga yaqin, mozaik tarqalgan tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi Qizil ro‘yxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Dunyodagi populyatsiyasi 7-10 ming juft atrofida bo‘lib, tobora qisqarib bormoqda. G'arbiy Tyan-Shan, G'arbiy Pomir-Oloy, Bo'kantov, Tomditov qoldiq tog‘lari hududlarida tarqalgan.
Tasqara qushi belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi. Ayni damda holati doimiy nazorat ostida.