Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo'qolib ketish xavfi ostida — IUCN
2024-10-30 10:00:00 / Yangiliklar
Ma’lumot uchun, IUCN Qizil ro'yxatiga hozirda 166 061 tur kiritilgan bo'lib, 46 337 tasi yo'qolib ketish xavfi ostida.
“Global baholash natijalari har uchinchi daraxt turidan koʻprogʻi yoʻqolib ketish xavfi ostida ekanligini koʻrsatadi. Daraxtlar ekotizimlardagi o‘rni tufayli Yerdagi hayotni qo'llab-quvvatlash uchun juda muhim hisoblanadi, millionlab insonlarning hayoti, yashashi daraxtlarga bog'liq”, — dedi IUCN Bosh direktori doktor Gretel Agilar.
Ta’kidlash joizki, birinchi bor dunyodagi daraxtlarning aksariyati IUCN Qizil ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, baholangan 47 282 turdan kamida 16 425 tasi yo'qolib ketish xavfi ostida ekanligi ma'lum bo‘ldi. Daraxtlar hozirda Qizil ro'yxatdagi turlarning to'rtdan bir qismini tashkil etadi va xavf ostida qolgan daraxtlar soni barcha xavf ostidagi qushlar, sutemizuvchilar, sudraluvchilar va amfibiyalar sonidan ikki baravar ko'p. Umuman olganda, dunyoning 192 mamlakatida daraxt turlari yo‘qolib ketish xavfi ostida.
"Baholash butun dunyoni qamrab oldi va 1000 dan ortiq daraxt bo‘yicha mutaxassislar jalb etildi. Ushbu keng qamrovli baholash bizga tabiatni asrash bo'yicha yaxshiroq qaror qabul qilish va zudlik bilan daraxtlarni himoya qilish uchun choralar ko'rish imkonini beradi", — dedi Xalqaro Botanika bogʻlarini muhofaza qilish tashkiloti mutaxassisi, doktor Malin Rivers.
Xavf ostidagi daraxtlarning eng katta qismi orollarda joylashgan. Oroldagi daraxtlar, ayniqsa, shaharsozlik va qishloq xo'jaligi uchun o'rmonlarning kesilishi, shuningdek, zararkunandalar va kasalliklar tufayli yuqori xavf ostida.
IUCN Qizil ro'yxati, shuningdek, daraxtlarning kamayishi minglab boshqa o'simliklar, zamburug'lar va hayvonlar uchun katta xavf ekanligini ko'rsatadi. Daraxtlar uglerod, suv va ozuqa moddalarining aylanishi, tuproq shakllanishi va iqlimni tartibga solishdagi roli orqali Yerdagi hayot uchun asosiy manba hisoblanadi. Ammo daraxtlar populyatsiyasiga bevosita inson omili ham ta'sir ko‘rsatadi. Xususan, IUCN Qizil ro'yxatiga kiritilgan 5000 dan ortiq daraxt turi qurilishda yog'och uchun, 2000 dan ortiq turi esa dori-darmonlar, oziq-ovqat va yoqilg'i uchun ishlatiladi.