"Green University" xalqaro iqlim tanlovi g‘olibi bo‘ldi
2024-10-02 17:30:00 / Yangiliklar
Tanlov Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) bilan hamkorlikda o'tkazildi. Taqdirlash marosimda YeOII mamlakatlari bosh vazirlar o‘rinbosarlari va YeIK hay’ati a’zolari ishtirok etishdi.
"Loyihaning bunday keng ko‘lamli tanlovdagi g‘alabasi butun Markaziy Osiyo mintaqasini atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi sohasida yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashda o‘ziga xos ahamiyatga ega ekanligining tasdig‘idir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan "Green University"da Markaziy Osiyo mintaqasidagi dolzarb ekologik muammolar, xususan, iqlim muammolari yechimini topishga katta e’tibor qaratilmoqda", — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
“Har bir hamjamiyat birgalikda ishlashi, bilim almashishi, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va iqtisodiyotga real qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yechimlarni joriy etishi kerak. "Yashil Yevroosiyo" sovrini laureatlari aynan shu tashabbuslarni amalga oshirishmoqda, ular yanada katta ta'sirga erishishga xizmat qiladigan o'zgarishlarni taklif qilmoqdalar. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o'zgarishi bo'yicha doiraviy konvensiyasi sizning faoliyatingizni, shuningdek, YeOII a'zo davlatlarining global iqlim kun tartibiga qo'shgan hissasini olqishlaydi. O'rnak bo'lganingiz uchun rahmat. Buning sharofati bilan biz yanada barqaror va farovon dunyo sari intilyapmiz”, — dedi BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ijrochi kotibi Saymon Stil tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga yo‘llagan videomurojaatida.
2024-yilda tanlovga 12 mamlakatdan 300 dan ortiq arizalar kelib tushgan. O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Eron, Misr va Indoneziyadan iqlim bo‘yicha 57 ta eng yaxshi loyiha nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar va finalchilarga aylandi.
Ma'lumot uchun, "Green University" yuqori malakali mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirish, jahonning yetakchi «yashil» universitetlari tomonidan qoʻllaniladigan ilgʻor ta’lim dasturlari, innovatsion pedagogik uslub va teхnologiyalarni ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish, ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilish, хorijiy, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtiruvchi samarali platforma yaratishga xizmat qiladi.