Markaziy Osiyo va AQSh atrof-muhit va energetika sohasidagi harakatlar rejasini muhokama qildi
2024-08-01 16:50:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston va AQSh raisligida o‘tkazilgan tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari ekologiya, energetika va geologiya vazirliklari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri o‘rinbosari J.Kazbekov va AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi B.Stimmler nutq so‘zladi.
B.Stimmler o‘z nutqida o‘tgan yildagi muvaffaqiyatlarni qayd etib, ishtirokchilarni 2024-yil fevral oyidan boshlab muhim foydali qazilmalar masalalari bo‘yicha hamkorlikni osonlashtiradigan B5+1 (Biznes5+1) formati ishga tushirilishi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari (QEM) mintaqaviy bozorini ochish va atrof-muhitga chiqariladigan zararli chiqindilarni mintaqaviy darajada 84 million tonnaga kamaytirish muhimligi ta'kidlandi.
O‘z navbatida, J.Kazbekov iqtisodiyot, savdo, ekologiya va turizmning ko‘plab sohalarida Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh o‘rtasida hamkorlik izchil o‘sib borayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, cho‘llanish, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslarni boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik qayd etildi.
Uchrashuvda geologiya-razvedka, tog'-kon sanoatiga sarmoya kiritish kabi sohalarda hamkorlikni nazarda tutuvchi “2024–2025-yillar uchun C5+1 muhim minerallar bo'yicha muloqot yo'l xaritasi” loyihasi ko'rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari mintaqaviy suv hamkorligi, cho‘llanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, yashil energiya va bioxilma-xillikni saqlash masalalarini ham muhokama qilishdi.
Muloqot chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlari Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish bo‘yicha atrof-muhitni muhofaza qilish mintaqaviy dasturi doirasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, mintaqada ekologik yo'naltirilgan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ekologik hamkorlikni mustahkamlash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarni faollashtirish niyatida ekanligi aytildi.
Tadbir yakunida tomonlar jamoaviy tajriba, resurslar va siyosiy irodadan foydalangan holda Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yashil, barqaror kelajak sari muhim muvaffaqiyatlarga erisha olishiga ishonch bildirildi. Ekologiya sohasida C5+1 formatida qo‘shma loyiha va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh ekspertlari ishtirokida seminar va treninglar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, tomonlar atrof-muhit va energetika sohasida ko'ptomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha yo'l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.