Toshkent shahridagi Inha universitetining xalqaro miqyosda nufuzini yanada oshirish, zamonaviy yo‘nalishlarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi
2024-11-09 09:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreya Respublikasining Inha Universiteti prezidenti Cho Myong Vu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki tomon o‘rtasidagi o‘n yillik hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida vazir Inha universitetining Toshkentda ochilganiga o‘n yil to‘lganini alohida ta’kidlab, ushbu universitetning o‘zbek yoshlari uchun qanchalik muhim ekanligini qayd etdi. Shuningdek, 400 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar ayni paytda Koreyadagi Inha universitetida ta’lim olayotganini aytib, bu IT ta’lim olish uchun O‘zbekiston yoshlari orasida yuqori qiziqish borligini ko‘rsatishini ta’kidladi. Bu esa nafaqat o‘zbek yoshlari uchun, balki butun O‘zbekiston uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusida talabalar yurtimizda zamonaviy IT sohasi mutaxassislarini yetishtirishda muhim rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi.
Shunindek, vazir O‘zbekistonda IT kadrlarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganini, bunday talabning ortishi Inha universiteti kabi yetakchi ta’lim muassasalarini rivojlantirish va ular bilan hamkorlikni kuchaytirishni talab etishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida Toshkentdagi Inha Universitetini yanada rivojlantirish strategiyasini birgalikda ishlab chiqish, bu orqali IT ta’lim sifatini oshirish hamda yangi yo‘nalishlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar universitetda kelajakda talab etiladigan yangi kasb yo‘nalishlarini ochish, zamonaviy IT sohasiga mos keladigan yo‘nalishlarni kengaytirish va kadrlarni yetishtirish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratish bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida Toshkentdagi Inha universitetini xalqaro miqyosda yetakchi o‘quv muassasalaridan biriga aylantirish, ta’lim sifatini doimiy ravishda yaxshilash va zamonaviy texnologiyalar asosida yangi yo‘nalishlar ochish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar universitetning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldilar.