OZARBAYJON MEHNAT VA IJTIMOIY HIMOYA VAZIRI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
2023-11-22 12:55:00 / Vazirlik yangiliklari
IHTga a’zo davlatlar Mehnat vazirlarining 5-Konferensiyasi doirasida Behzod Musaev Ozarbayjon Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Sahil Babayev bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvda joriy yilning 20-oktyabrda Toshkentda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati hamda ikki mamlakat vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
“Mehnat vazirlarining 5-konferensiyasini o‘tkazish va bunda IHTga a’zo 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi rejalashtirilgani haqida rahbariyatga axborot berganimda, Prezidentimiz mazkur anjumanda ikki qardosh davlat – Turkiya va O‘zbekistonning ishtiroki juda muhim ekanini alohida ta’kidladi”, – dedi Sahil Babayev.
Shuningdek, Ozarbayjon mehnat vaziri joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi yuqori saviyada tashkil etilgani haqida to‘xtalib, ushbu safar davomida Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga borgani hamda ishsiz aholini kasbga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
“Ishsiz aholini kasbga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirayotgan chora-tadbirlaringiz ko‘lami, monomarkazlarda yaratilgan shart-sharoitlar, bandlikni ta’minlash bo‘yicha tizimli xizmat ko‘rsatish menda katta taassurot qoldirdi. Biz ushbu tajribani Qorabog‘da kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish va ishga tushirish jarayonida qo‘llashni istaymiz, uning konsepsiyasi yaqinda ishlab chiqilgan”, deya ta’kidladi Ozarbayjon mehnat vaziri.
Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlarini tartibga solish, shaffoflikni ta’minlash orqali tekshirishlarni tashkil qilish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini monitoring qilishning innovasion usullarini joriy etish borasida ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar aniq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish bo‘yicha “Qo‘shma yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar.