"Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
2024-10-24 14:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan taʼtillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (1970-yilda qayta ko‘rib chiqilgan) (Jeneva, 1970-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Konvensiyada mehnat munosabatlarida xodimlarning mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan taʼtillardan foydalanish huquqlarini taʼminlash choralarini yana-da kuchaytirish kabi masalalar nazarda tutilmoqda.
Konvensiya barcha sohalarda ishlaydigan xodimlarga dam olish
va ishlash qobiliyatini qayta tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda har ish yili uchun beriladigan taʼtillarni taʼminlashga zamin yaratadi.
Qayd etilganidek, shu kunga qadar ushbu Konvensiya 38 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyaning qabul qilinishi kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini yanada yuksaltirishga hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga imkon yaratadi.
Shuningdek, barcha sohalarda ishlovchi xodimlarning dam olish va haq to‘lanadigan taʼtillardan foydalanish huquqlarini taʼminlash bo‘yicha xalqaro standartlarni amaliyotga samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.