2024 yilning 21 oktyabr kuni Toshkentdagi “Renessans Hall” majmuasida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida "Ijtimoiy xizmatlarning kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rni: Barqaror rivojlanish sari yo‘l" mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda xorijiy hamkorlar, jumladan, ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirok etdi. Davra suhbatida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi yangi yondashuvlar muhokama qilindi.
Kayd etilganidek, 2020 yildan boshlab kambag‘allik bilan kurashish mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shu yilda “Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi” standartlari va xalqaro tajriba o‘rganilib, bu borada O‘zbekiston metodi ishlab chiqildi hamda kambag‘allik darajasini aniqlashning Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash usuli joriy etildi.
2022 yilda mahallalarda “Hokim yordamchisi” instituti yo‘lga qo‘yildi, har bir kambag‘al oilaning individual dasturi ishlab chiqildi.. Ular tomonidan, 4,8 mln nafar aholi doimiy va mavsumiy ish joylariga joylashtirildi. Shuningdek, 260 ming gektar yer 813 ming aholiga dehqonchilik uchun tarqatildi.
Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 210 mingta mikroloyihalarning 134,7 mingtasi ishga tushirilib, 464 mingta ish o‘rinlari yaratildi.
Bundan 4 yil avval bu katta ish boshlanganida, 7,5 million yoki 23% aholi daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmasdi. Ko‘rilgan choralar natijasida, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2022 yil boshiga 17%, 2024 yilga kelib 11%ga tushdi. 2030 yilga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni keskin qisqartirish reja qilingan.
Shu davrda 3,5 million odam daromadli bo‘ldi.
Bundan tashqari kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasi mahalliylashtirildi, ikki ehtiyoj – oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash, uch kafolat – sifatli o‘rta ta’lim, tibbiy xizmatlar va boshpana bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida kambag‘al aholini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga soliq, bojxona imtiyozlari berildi. Buning natijasida, 460 ming kambag‘al aholi kasbga o‘qitilib, bandligi ta’minlandi.
Endilikda Kambag‘allikni aniqlash hamda aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha iqtisodiyotning o‘zgarishiga qarab, yangi yondashuvlar joriy etiladi.
Birinchidan, 2025 yilda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni aniqlash mezonining yangi tizimi joriy etiladi. Bunda, kambag‘allik faqatgina daromad yoki iste’mol bilan belgilanmaydi, balki, ta’lim, tibbiy xizmat va boshqa fuqarolarning kundalik hayotiga ta’sir qiladigan mezonlar qamrab olinadi.
Ikkinchidan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi. Kelgusi yili 1 000 ta mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga uchun 3,2 trillion so‘m ajratiladi.
Uchinchidan, yana 50 ming gektar yer 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib beriladi. Jami 6 680 gektar yer maydonida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi. Yana bir Xitoy tajribasi asosida, yerdan uch xil daromad oladigan tizim joriy qilinadi:
To‘rtinchidan, ijobiy tajribaga ega 100 ta eng samarali mikroloyihalar katalogi yaratiladi. Sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025 yilda 1 000 ta, 2026 yilda 2 000 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi. 2025-2026 yillarda yilda 4 122 ta mahallada salohiyatli tadbirkorlar, eksportyorlar va brokerlar bilan hamkorlikda yetakchi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Beshinchidan, har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasida oliy ma’lumotlilar bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Buning uchun foizsiz ta’lim kreditlari, grantlar va boshqa moliyaviy yordamlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.