Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida markaziy apparat, vazirlik huzuridagi tashkilotlar rahbarlari, hududiy bosh boshqarma hamda bo‘lim boshliqlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
2024-07-22 20:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Xabar berganimizdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida markaziy apparat, vazirlik huzuridagi tashkilotlar rahbarlari, hududiy bosh boshqarma hamda bo‘lim boshliqlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash hamda aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, hamyurtlarimizni vaqtincha ishlash uchun xorijga yuborish hamda xodimlarning mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 6,8% dan 5,9% ga kamaygan. Xuddi shu kabi boshqa yo‘nalishlarda ham ijobiy natijalar qo‘lga kiritilishi barobarida kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan.
Xususan, yig‘ilishda Chilonzor, Mirobod, Zangiota, Toshloq, Asaka tumanlari, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Navoiy, Chirchiq, Angren shaharlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga fuqarolarni ishga joylashtirish ko‘rsatkichlari juda past ekanligi jiddiy tanqid qilindi.
Tuman (shahar) bandlik bo‘limlarida fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash jarayonlarini soddalashtirib, tizimga raqamlashtirishni keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish yuzasidan olib borilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, joriy yilning 6 oyida 113 ming ishsiz aholi o‘qishga jalb etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar oshgan. Yutuqlar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham sanab o‘tildi. Ayni yo‘nalishda eskicha qarash va shu asosda ishga yondashuv saqlanib qolayotgani keskin tanqid qilinib, tizim mutasaddilari oldiga zamonaviy fikrlab, bozor iqtisodiyoti talab qilayotgan kasb-hunarlarga ishsiz aholini o‘qitish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mas’ullar qattiq ogohlantirildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida xorijga vaqtincha ishga yuborish bo‘yicha ham salmoqli ishlar qilingan, mamlakatlar geografiyasi rivojlangan davlatlar hisobiga kengaygan. Xususan, 2024-yilning 6 oyida 64 ming xorijda ishlash istagi bo‘lgan shaxslar chet davlatlarga tashkiliy ishga joylashtirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga ko‘p.
Biroq, ayrim yo‘nalishlarda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilgan. Shu bois belgilangan reja-ko‘rsatkichlar bajarilishiga panja ortidan qarayotgan mutasaddilar faoliyatiga salbiy baho berildi. Kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish lozimligi qayd etildi.
Aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta’minlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, joriy yilning 6 oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarda 7 mingdan ortiq fuqaroga 32 mlrd so‘m ish haqi undirib berilgan. Noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 1 000 nafar shaxs ishga tiklangan.
Yig‘ilishda inspeksiya faoliyatini yanada jonlantirish, ishchi-xizmatchilarning haq-huquqlarini ta’minlash, mehnat muhofazasini kuchaytirish lozimligi alohida qayd etildi.
Kengaytirilgan yig‘ilish yakunida hududiy bosh boshqarmalar boshliqlari hisobotlari eshitilib, takliflari tinglandi.