Kambag‘allikdan farovonlik sari: “Oqtepa”da kambag‘al oila qolmaydi!
2024-09-24 19:50:00 / Yangiliklar
Kuni kecha viloyat rahbari “Oqtepa” mahallasida bo‘lib, o‘ziga biriktirilgan ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy ahvoli bilan tanishib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgangan, ularni kambag‘allikdan chiqarish, mazkur oilalarda yashovchilarning kasb ko‘nikmalari, qiziqishlaridan kelib chiqib, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual chora-tadbirlar belgilangan edi.
Bugun ham Botir Zaripov “Oqtepa” mahallasida bo‘lib, avvalgi o‘rganishlari va aholi bilan muloqotlari davomida belgilangan vazifalarning natijadorligi bilan qiziqdi.
Bu gal Lola Bo‘riyevani anchayin xushhol kayfiyatda uchratdik. Turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng bir o‘g‘il, bir qizni ham ota, ham ona bo‘lib ulg‘aytirayotgan mushtipar ayol viloyat rahbarini quvonch ko‘z yoshlari bilan kutib oldi.
-To‘g‘risi, ishonmagandim. Siz kelib ketgan kuningizning o‘zidayotgan elektr ta’minoti korxonasi xodimlari kelib vulkanizatsiya uchun zarur bo‘lgan yuqori kuchlanishli fazaga ulab berishdi. Yana sigir-buzoq, 20 ta tovuq keltirishdi. Hozir issiqxona qurib berishyapti. Darvozaxonamizni ta’mirlab berishyapti. Davlatning e’tiborini o‘zim hayotimda sezdim. Buyog‘iga mehnat qilib, daromadimizni oshirishga harakat qilaman. Hammasi uchun rahmat,-dedi Lola opa suyinib ham ko‘zda yoshi bilan.
Botir Zaripov Lola Bo‘riyeva misolida davlatimiz rahbari aytganiday xonadonma-xonadon kirilib, o‘rganilsa, har bir muammoning albatta yechimi borligini ta’kidladi.
Shu yerda joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalarni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, kambag‘allikni keskin qisqartirish bo‘yicha yil boshida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini tanqidiy muhokama qilindi. Tumanda oilaviy tadbirkorlik, biznesga birinchi qadam va boshqa dasturlar doirasida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larining aksariyat qismi o‘zlashtirilmay qolmoqda.
- Bunga kim aybdor? Avvalo, hududga biriktirilgan tijorat banki mutasaddilari, keyin mahalladagi hokim yordamchilari, umuman, iqtisodiy kompleksga daxldor mas’ullar. Agar ular fidoyi bo‘lib ishlaganida bugungi mahalladagi ijobiy ko‘rsatkichlar karrasiga oshardi,-dedi viloyat rahbari.
Muhokamada boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz yashovchilar, nogironligi bor shaxslar bilan individual shug‘ullanish, mahallada mikroloyihalarni tashkil etishni kengaytirish orqali aholini daromadli qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati