Sog‘liqni saqlash
Xudayarov Asilbek Anvarovich
O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vaziri
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “ O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5590-son farmoni bilan 2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ-216-son qarori bilan 2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha CHORA-TADBIRLAR REJASI tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-38-son qarori bilan Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha “YO‘L XARITASI” tasdiqlangan.
2022-yilda joylarda 100 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, poliklinikalar hamda olis va chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Natijada qo‘shimcha ravishda yana 3,5 million aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishildi.
Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmonlar uchun mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobarga oshirildi. Birlamchi tibbiyot muassasalari zamonaviy ultratovush, elektrokardiogramma uskunalari, stomatologik va jarrohlik to‘plamlari bilan jihozlanmoqda.
Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash o‘rinlari tashkil etilishi natijasida 740 ming kishi shifoxonaga bormasdan, bevosita o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish maqsadida ushbu klinikalarga soliq va bojxona imtiyozlari berilib, majburiy turistik yig‘imlar bekor qilindi hamda davlat mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat etildi.
Salomatlik posbonlarining og‘ir va masʼuliyatli mehnatini munosib qadrlash, ularning o‘z kasbidan manfaatdorligini oshirish masalasi ham davlatimizning doimiy eʼtibor markazida turibdi.
Soha xodimlarining oylik maoshi 30 foizgacha oshirilib, ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish hamda ustama to‘lovlari joriy etilgani ham bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lganini qayd etish lozim.