Asosiy kontentga o'tish

Yaponiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida yangilangan qo‘llanma chop etildi

2025-03-20 15:55:00 / Yangiliklar

17-mart kuni Yaponiyada dastlab 2019-yilda nashr etilgan O‘zbekiston haqida qo‘llanmaning yangilangan nusxasi taqdim qilindi.

“O‘zbekistonga birinchi sayohat” nomli 144 sahifali kitobda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaning 44 ta diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumotlar berilgan bo‘lib, ushbu shaharlarning betakror muhitini aks ettiruvchi 700 dan ortiq fotosurat bilan bezatilgan.

Mazkur kitobda O‘zbekistonning eng qadimiy me’moriy yodgorliklari joylashgan mashhur sayyohlik maskani Samarqand, cho‘l vohasi Buxoro, sahroda joylashgan qal’a-shahar Xiva hamda poytaxtimiz Toshkent shahri haqida ma’lumotlar jamlangan.

Qo‘llanmada har bir shahardagi mashhur sayyohlik joylar, me’moriy yodgorliklar, milliy taomlar va eng sara mehmonxonalar haqida ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, unda O‘zbekistonga tashrif buyurganingizda albatta tatib ko‘rishingiz lozim bo‘lgan milliy taomlar ro‘yxati hamda esdalik sovg‘alari haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lib, bu mamlakatga ilk bor tashrif buyuruvchilar uchun qulay qo‘llanma vazifasini o‘taydi.

Muallifi kitob ustida ishlash jarayonidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, shunday dedi: “Besh yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonga yana tashrif buyurdim va hayratda qoldim: mamlakat men kutganimdan ancha taraqqiy etgan ekan. Koronavirus pandemiyasi davrida bu yerda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani ko‘zga yaqqol tashlanadi. Umid qilamizki, ushbu kitob o‘quvchilarga zamonaviy O‘zbekiston, uning Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq tarixiy obidalari, shuningdek, betakror o‘zbek milliy taomlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi”.

Yamaki Mixo nafaqat yozuvchi, balki sayohatchi va professional fotograf hamdir. Uning “Tokio va Tayvan sayohati”, “Janubiy Koreyaning mazali taomlari” va “Birinchi marta Vladivostokka sayohat” kabi kitoblari yaponiyaliklar orasida mashhurlikka erishgan.

150

Oxirgi yangilanish: 2025-03-20 16:03:42

Yaponiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida yangilangan qo‘llanma chop etildi