Toshkent shahar hokimi mahallar faoliyatining yagona mexanizmini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda
2024-04-08 07:45:00 / Yangiliklar
Toshkent shahar hokimi mahallar faoliyatining yagona mexanizmini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda.
Xususan, mahallalar infratuzilmasi, ularning qiyofasini yagona standartga keltirish, aholi uchun shaffof monitoring tizimini yaratish orqali, reja va o‘zgarishlardan xabardor qilish ko‘zda tutilmoqda. Mahallalarning asl boshqaruvini fuqarolar qo‘liga topshirilib, mas’ullar zimmasiga esa davlatimiz rahbari tomonidan shahrimiz aholi qulayligi va xavfsizligini ta’minlash yuklatiladi.
Kuni-kecha Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligida shahar sektorlari boshliqlari, hokim o‘rinbosarlari, tegishli tashkilotlarning mas’ullaridan iborat ishchi guruh Bektemir tumanining “Oltintopgan”, Mirobod tumanining “Yangi Qo‘yliq”, Yashnobod tumanining “Jarboshi” va “Bog‘bon” hamda Mirzo Ulug‘bek tumanining “Alisherobod” mahallalariga tashrif buyurib, ularning holatini tanqidiy o‘rganib chiqdi.
Xususan, mahallalar hududida jalb qiluvchi nuqta, oziq-ovqatlar va sut mahsulotlari bozorchasi, bolalar uchun o‘yingohlar, otalar choyxonasi, vorkaut maydonchasi, sog‘lom turmush tarzi uchun veloyo‘laklar va yugurish yo‘laklari kabi qulayliklar bo‘lishi, yo‘llarning ravon va xavfsizligi ta’minlanishi, hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning profilaktikasi izchil tashkil etilishi zarurligi aytildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tizimli yordam tashkil qilinib, ishsizlarning bandligini ta’minlash zarurati, shu jihatdan, aholining tadbirkorligini rivojlantirishda banklarning o‘rni katta ekanligi aytildi. Bundan tashqari, hududda istiqomat qilayotgan aholining soni va ro‘yxatdan o‘tganligini nazoratga olish topshirig‘i berildi.
Bundan tashqari, har bir mahallada jamoatchilik asosida ko‘chaboshi, uyboshi, yo‘lakboshi kabi xodimlarni jalb qilish, ishini samarali tashkil qilgan xodimlarni rag‘batlantirishda KPI tizimini joriy qilish kerakligi aytib o‘tildi.
Mahallalarda mavjud noqonuniy qurilmalarni bartaraf etib, ularni aholi uchun foydali, samarali maskanlarga aylantirish, kuzatuv kameralarini o‘rnatish orqali hududlarda xavfsizlik darajasini oshirish muhimligi muhokama qilindi.
Amalga oshirilgan tashriflar natijalariga ko‘ra tegishli mas’ul tashkilotlar va ularning rahbarlariga zarur topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.