audio

    16+
    Toshkent shahar hokimligi
     Toshkent shahar hokimligi

    Toshkent shahar hokimligi (Islom Karimov ko‘chasi 51) – mahalliy davlat boshqaruv organi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi poytaxti – Toshkent shahri maqomi va tuzilmasi to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent shahar Kengashining Toshkent shahar hokimligini tashkil etish va Toshkent shahar hokimi lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
    Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari 8-chaqiriq sessiyasida (1992 yil 11 yanvar) Toshkent shahar hokimligi (Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi negizida) tuzildi. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq faoliyat yuritadi. Mazkur huquqiy hujjatlarga binoan shahar hokimligi davlat, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishga rahbarlik qiladi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejalarini va mahalliy byudjetni tasdiqlaydi, o‘ziga bo‘ysungan korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, qonunlarga rioya etilishini, davlat va jamoat tartibini, fuqarolarning huquqlqrini muhofaza qilinishini ta’minlaydi. Hokimlik boshqarma, bo‘lim va turli bo‘linmalardan iborat bo‘lib, ularning tarkibi, tashkiliy tuzilmasi va faoliyati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi. Toshkent shahar ijroiya hokimiyati tuzilmasi va xodimlari soni Xalq deputatlarishahar Kengashi tomonidan tasdiqlangan byudjet chegarasida Hokim tomonidan o‘rnatiladi va o‘zgartiriladi.
    Toshkent shahar hokimi shaharning oliy mansabdor shaxsi hisoblanadi va bir vaqtda shahar hududida vakillik va ijroiya hokimiyatni boshqaradi. Hokim O‘zbekiston Prezidenti va Xalq deputatlari shahar Kengashiga bo‘ysunadi. Hokim O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tayinlanadi, ozod etiladi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Hokimning vakolat muddati – 5 yil. 

    • view_icon 3389
    Oxirgi yangilanish: 2023-12-21 17:41:17