Sichuan provinsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2024-03-29 16:15:00 / Yangiliklar
Sichuan provinsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv
28-mart kuni Toshkent shahar hokim o‘rinbosari Toshkent shahar Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Sh.Raxmanov Xitoy Xalq Respublikasi Sichuan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Zuo Yunsyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Sichuan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Zuo Yunsyan Toshkent shahrida bo‘lib turganidan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari jadal taraqqiy etayotgani va o‘zaro savdo aylanmasi hajmi oshib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, kimyo sanoati, transport, turizm, ta’lim, ilm-fan sohalarida shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari kengayib borayotganligiga urg‘u berdi.
O‘z navbatida Sh.Raxmanov tashrif uchun minnatdorlik bildirib, yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, turizm, biznes, mashinasozlik, sanoat va boshqa qator yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini ma’lum qildi. Qardoshlik aloqalari o‘zaro manfaatli va foydali hamkorlikka mustahkam zamin bo‘layotganligini bildirdi.
Uchrashuvdan so‘ng Xitoy (Sichuan) - O‘zbekiston savdo-iqtisodiy konfirensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Raxmanov va Sichuan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Zuo Yunsyan ochib berdilar.
Ushbu marosimda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va birqancha tadbirkor doira vakillari ishtirok etdilar.
Sichuan provinsiyasidan yurtimizga tashrif buyurgan tadbirkorlar, investorlar va hukumat vakillariga yurtimizning hamda Toshkent shahrining investitsiyaviy muhiti, elektrotexnika sanoatidagi o‘zgarishlar, rivojlanish sur’ati va istiqbolli loyihalariga oid taqdimot namoyish qilindi.
Taqdimotda, biznes qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga berilayotgan eksport, transport, bojxona va soliq imtiyozlariga oid barcha ma’lumotlar taqdim etildi.
Shu bilan birga, xitoylik korxona vakillari, yuk tashish kompaniyalari, avtomobilsozlik korxonalar vakillari bilan tashkillashtirilgan muloqotlar davomida istiqbolli hamkorlik imkoniyatlari va takliflariga oid fikrlar tinglandi.
Bu kabi tadbirlar yurtimizga yanada ko‘proq investitsiyalarni jalb qilish, o‘zaro tajriba almashish, muloqot muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.