VAZIR – YOSHLARGA KO‘MAKCHI
2024-12-25 17:30:00 / Yangiliklar
Ushbu fikrlarni bugun Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev yoshlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida bildirdi.
Onlayn tarzda o‘tgan muloqot 2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” sarhisobi – “Yoshlar forumi-2024” doirasida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Dilbar Xoljigitova, hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari va tizimda mehnat qilayotgan yoshlar, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchilari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish instituti” milliy tadqiqot universiteti talabalari, jami 1000 dan ziyod yoshlar qatnashdi.
Bugungi kunda vazirlik tizimida 4 ming 375 nafar yoshlar faoliyat olib borayotgan bo‘lib, shundan 330 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Yosh xodimlarning 2 140 nafari oliy ma’lumotli. Ular orasida rahbar lavozimlarda ishlayotganlar soni 220 nafar.
Har yili vazirlik suv xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida 4-bosqich bakalavriat talabalari uchun stajirovka bo‘yicha tanlov o‘tkazadi. Shu kunlarda tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlardan hujjatlar qabul qilinmoqda.
G‘oliblar mart oyida stajirovkaga jalb etiladi. Stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlaganlar esa vazirlik va uning tizim tashkilotlariga ishga qabul qilinadi.
Bu yilgi yangiliklardan biri – talabalarni moddiy rag‘batlantirish uchun Suv xo‘jaligi vaziri stipendiyasi ta’sis etildi.
Stipendiya irrigatsiya va melioratsiya ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-4-bosqich bakalavriat talabalaridan 8 nafariga bir yil davomida beriladi.
Stipendiyaning bir oylik miqdori O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan iborat.
Vazir stipendiyasi sovrindori bo‘lgan talabalar o‘qishi davrida o‘quv va ilmiy amaliyotlari hamda stajirovkalarini Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida o‘taydilar, shuningdek xo‘jalik shartnomalarida mehnat faoliyatini olib boradilar.
Andijon viloyati Buloqboshi tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori Maftuna Zuxriddinova, Oltinko‘l tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori Azizbek Komiljonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM mutaxassisi Sapura Sarsenbayeva, Jizzax viloyati Suv omborlardan foydalanish boshqarmasi g‘aznachisi Azamat Mustafoqulov, Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohjahon Bebitov va boshqalar so‘zga chiqib, takliflarini, mulohazalarini bildirdilar.
Yoshlardan tushgan savollarga Suv xo‘jaligi vaziri javob berdi.
Vazir yoshlarni kitob o‘qishga, ilm olishga, til o‘rganishga, ijodkorlik va yaratuvchanlikka da’vat qildi.
Qo‘shimcha daromad olish maqsadida kredit mablag‘larini jalb etgan holda yordamchi xo‘jalikni rivojlantirish, dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik kabi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Vazir bu masalalarda yoshlarga o‘zi ko‘makchi bo‘lishini ma’lum qildi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tizim tashkilotlari rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Axborot xizmat