"National Erasmus+ Office in Uzbekistan" bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
2025-02-25 09:25:00 / Yangiliklar

Konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hozirgi globallashuv va bozor iqtisodiyoti sharoitida salohiyatli, bilimli, mas’uliyatli, raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish har qachongidan dolzarb masalaga aylanganligi, har qanday davlatni iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida malakali kadrlar muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Texnik jihatdan tartibga solish, shu jumladan, standartlashtirish va metrologiya sohalarida jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, Erasmus+ grant va texnik qo‘maklarni jalb etish, malaka oshirish kurslarida xorijiy ta’lim muassasalaridagi yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlardan foydalanish, xodimlarning amaliyot o‘tash masalalari muhokama qilindi.
Agentlikni Erasmus+ loyihasida ro‘yxatdan o‘tkazish, loyihalarda faol ishtirok etib kelayotgan oliy o‘quv yurtlari hamkorligida raqobatbardosh Erasmus+ loyihasini ishlab chiqish, Erasmus+ imkoniyatlari va 2025-yil tanlovlari mavzusida amaliy seminar-treninglar tashkil etishga kelishildi. Erasmus+ loyihasi doirasida malakali kadrlarni tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha faol muloqotlar va hamkorlik darajasini ko‘tarish va barcha sohalarda aloqalarni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.