Ipakchilik sohasiga soliq imtiyozlari berildi
2024-11-19 10:05:00 / Qo'mita yangiliklari
Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi.
Pillachilikni yanada rivojlantirish, xususan, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish, aholi bandligini taʻminlash va daromadlarini koʻpaytirish maqsadida
2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha:
- jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirishdan (kasanachilik) olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;
- pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari ijtimoiy soliq toʻlashdan ozod etildi. Bunda boʻshagan mablagʻlar kasanachilarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirishi shart hisoblanadi;
- pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsienti qoʻllanilgan holda hisoblanadi.
Maʻlumot uchun. Ilgari jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik)dan olgan daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, yuridik shaxslarning esa kasanachilik bilan shugʻullanuvchilarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlaridan ijtimoiy soliq toʻlangan.
Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi