Shirinda yangi oqova suv tozalash inshooti qurildi
2024-11-05 17:30:00 / Yangiliklar

Achinarlisi, oqova suvlar biologik, kimyoviy va mexanik tozalashdan o‘tkazilmasdan turli zovurlarga oqizib yuborilgan. Ushbu ekologik holat so‘nggi yillarda aholiga ko‘plab noqulayliklar tug‘dirib, ularning eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan edi.
Davlatimiz rahbarining “Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 4,7 mln AQSH dollari hisobiga bunyod etilgan yangi inshootning ishga tushirilishi natijasida 19 mingdan ziyod aholining oqova suv xizmati yaxshilanib, 1 750 ta xonadon ilk marotaba markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulandi.
Loyiha doirasida, shuningdek, Farhod, Do‘stlik, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek mahallasida 14,2 km yangi oqova suv kollektorlari qurildi, 2 ta nasos stansiyasi rekonstruksiya qilindi.
Inshootni foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Zahriddin Hazratqulov, sektor rahbarlari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Viloyat hokimi Germaniyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilingani natijasida, oqova suv tozalash jarayoni samaradorligi 90 foizgacha oshgani, loyiha nafaqat hudud infratuzilmasini rivojlantirish, balki sanitar-epidemiologik va ekologik holatni yaxshilanishida ahamiyatli ekanini taʼkidladi.
Mutaxassislarning bildirishicha, obyektda jarayonlarni samarali monitoring qilish va boshqarishni taʼminlaydigan SCADA va GIS tizimlari joriy etilgan. Bu yerda bir kecha-kunduzda 4 ming m³ oqova suv tozalanadi.






