25-may – Soʻnggi qoʻngʻiroq: Yangi hayotga eshik ochilgan kun
2025-05-26 16:00:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining Kuyovboshi mahallasida joylashgan 5-umumta’lim maktabida an’anaviy “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbiri katta bayramona ruhda boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Mustafoyev ham ishtirok etib, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktab bitiruvchilariga tabrigini o`qib eshittirdi. Mazkur jarayon online tarzda boshqa hududlarda ham namoyish etildi.
Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Sharof Rashidov tumanidagi 22-umumta’lim maktabida ham so‘nggi qo‘ng‘iroq tantanasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida Jizzax viloyat hokimi Ulugʻbek Mustafoyevning tabrigi online tarzda namoyish etildi.
Shundan soʻng Sharof Rashidov tuman hokimi M.Xolbutayev soʻzga chiqib maktab bitiruvchilari hamda ustozlarni samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida yoshlarga porloq kelajak, oliy maqsadlar sari dadil intilish va ona Vatanga sadoqat yo‘lida bardavom bo‘lishlarini tiladi. Tadbir davomida fan olimpiadalari va tanlovlarda, sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchi-yoshlar taqdirlandilar. Maʼlumot oʻrnida, joriy yilda Sharof Rashidov tumanida 3987 nafar 9-sinf va 2554 nafar 11-sinf bitiruvchilari maktab bilan vidolashib, hayotlarining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Tantanali tadbirdan so’ng, Sharof Rashidov tuman hokimi M.Xolbutayev 22-umumtaʼlim maktabining bitiruvchi yoshlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv samimiy ruhda oʻtib, yoshlarga kasb-hunar egallash, zamonaviy bilimlar olish va kelajak rejalari haqida soʻz bordi. Muloqot davomida dual taʼlim tizimi, taʼlim orqali inson hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatda faol boʻlishi hamda Vatanga munosib hissa qoʻshish imkoniyati yaratishi haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Jumladan, Sharof Rashidov tumani 57-umumta'lim maktabida ham 2024-2025-o'quv yili yakunlanishiga bag'ishlangan "So'nggi qo'ng'iroq" tadbiri bo'lib o'tdi. Tadbirda Muhtaram Prеzidеntimizning tabrik so'zi o'qib eshittirildi. Tadbirning eʼtiborli jihatilaridan biri, maktabning bitiruvchi 13 nafar yoshlarning barchasi GRANT ASOSIDA "Toshkеnt gumanitar fanlar univеrsitеti"ga o'qishga qabul qilinganlik SЕRTIFIKATI hamda 1 000 000 so'mlik vauchеrlarni bitiruvchilarga topshirish bo'ldi. Tadbirlar davomida maktab direktori, ustozlar va ota-onalar tomonidan iliq tilaklar bildirilib, bitiruvchilarga omad, sabr-toqat va mustahkam iroda tilashdi. Ba’zi maktablarda o‘quvchilarning ijodiy chiqishlari, esdalik videoroliklar ham namoyish etiladi.
Eng hayajonli onlardan biri – soʻnggi qoʻngʻiroq jaranglashidir. Bu qoʻngʻiroq yoshlik orzulari sari, katta hayot sari yoʻl ochuvchi ramziy jarangdir. Soʻnggi qoʻngʻiroq – bu yakun emas, balki yangi boshlanishdir. Bugungi bitiruvchilar – ertangi kunning yulduzlari. Ularga yorqin kelajak, bardavom muvaffaqiyatlar va to‘g‘ri yo‘l tanlashlarini tilaymiz.
So‘nggi qo‘ng‘iroq – lekin cheksiz imkoniyatlar boshlanishi!
O’zDJTU talabasi Lola Mamaraimova









