Hokimiyat haqida
Sharof Rashidov tumani (sobiq nomi Jizzax tumani) — Jizzax viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Maydoni 1,44 ming km². Aholisi 247,3 ming kishi (2025 yil).
Shimolda viloyatning Forish, Zafarobod, Paxtakor tumanlari, gʻarbda Gʻallaorol tumani, sharqda Zarbdor, Zomin tumanlari, janubida Baxmal tumani bilan chegaradosh.
Sharof Rashidov tumanida 48 mahalla fuqarolari yigʻini (Qaxramon, Istiqlol, Qo‘shko‘prik, Toshkentlik, Mulkanlik, Qatortol, Bo‘ston, Saroylik, Taraqqiyot, Yaxtanlik, Eski Toshkentlik, Kulpisar, Sug‘duyona, Kuyovboshi, Yangi diyor, Halqobod, Olmachi, Gʻozg‘ontepa, Pastki Suloqli, Qang‘li, Nurafshon, Yoyilma, Tokchiliq, Ravaliq, Yakka qayrag‘och, Uchtepa, Ziyokor, Xavastlik, Jizzaxlik, Sovungarlik, Madaniyat, Qorayantoq, Oqtoshota, Tuyoqli, Fayziobod, Bobur, Xayrobod, Katta qishloq, Sharilloq, Yoshlik, Kurpasoy, Samarqandquduq, Umar, Nonisangil, Ravot, Tinchlik, Yangiobod, Yangixayot) bor. Markazi — Uchtepa shahri.
Tabiati
Sharof Rashidov tumani relyefi past-tekislik, qir va togʻlardan iborat. Gʻarbida Qoʻytosh va janubida Molguzar togʻ tizmalari joylashgan. Foydali qazilmalardan volfram, ohaktosh va boshqalar bor. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28—30°, yanvarniki —2 dan —4° gacha, Yiliga oʻrtacha 425 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 210—215 kun. Asosan boʻz, och boʻz tuproqlar tarqalgan. Tuman Sangzor daryosi va Tuyatortar kanali orqali Zarafshondan sugʻoriladi. Sharof Rashidov tumanidan Ravotsoy va bir necha kichik soylar oqib oʻtadi.
Aholisi
Aholisi asosan oʻzbeklar; shuningdek, qozoq, eroniy, tojik, loʻli, qirgʻiz, rus, boshqalar yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 5 ming kishi toʻgʻri keladi.
