Ommaviy axborot vositalarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari
2025-05-20 17:30:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari
Bugungi kunda O‘zbekistonda boshqaruvni liberallashtirish, davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayoni hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada erkinlashtirish sohasida islohotlar davom etmoqda.
O‘zbekistonda axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi sezilarli darajada o‘sib, jamiyatda ochiq muloqot maydoni yaratildi. Jamoatchilikning dunyoqarashi shakllangan, qiziqishiga sabab bo‘ladigan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha jamoatchilik fikrining paydo bo‘lishida esa ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning o‘rni yuqori.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81-moddasida "Ommaviy axborot vositalari erkin va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi" deb aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Har qanday jamiyatda axborot hamisha mamlakat taraqqiyotining ko‘zgusi, odamlarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasi shakllanishida asosiy vosita bo‘lib xizmat qilib kelgan. Bu holat, ayniqsa, bugungi kundagi globallashuv zamonida har qachongidan ham keng tarqalmoqda, hayotimizning biror-bir sohasini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qila olmaymiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev "Ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish - bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, davlatimiz obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak" deb ta’kidlagan edi.
So‘z va matbuot erkinligi, uning oshkoraligi, islohotlarning ochiqligini ta’minlaydigan demokratik tamoyillarni hayotga tatbiq etish chinakam demokratiyani ta’minlaydi.
Asosiy qonunimizning 33-moddasida "Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi xohlagan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi ma’lumot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno" deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining qonunlar va qonunosti hujjatlari yordamida mustahkamlanishi ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi, mustaqilligini amalda ta’minlash, ular faoliyatini tartibga soluvchi huquqni rivojlantirishga qaratilmoqda.
So‘g‘diyona Abdinaimova.

