Hokimiyat haqida

Qo‘ng‘irot tumani haqida qisqacha ma’lumot
Qo‘ng‘irot tumani O‘zbekiston Respublikasining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, 1927-yil 3-iyulda tashkil etilgan. Tuman hududi O‘zbekiston Respublikasi umumiy hududining 12 foizini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining esa 46 foizini tashkil etadi. Qo‘ng‘irot tumani Turkmaniston va Qozog‘iston Respublikalari, shuningdek, Mo‘ynoq, Kegeyli va Qonliko‘l tumanlari bilan chegaradosh.
Tumanning asosiy iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlari chorvachilik va neft-kimyo sanoati hisoblanadi.
Tumanning umumiy maydoni 76,0 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Tumanda 21 ta mahalla, 5 ta shaharcha va 13 ta ovul fuqarolar yig‘ini mavjud.
2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, tumanda doimiy yashovchi aholi soni 137,8 ming kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 1,2 ming kishiga yoki 0,9 foizga oshgan. Shundan:
- erkaklar — 70,7 ming kishi;
- ayollar — 67,1 ming kishi;
- shahar joylarda yashovchilar — 87,0 ming kishi;
- qishloq joylarda yashovchilar — 50,8 ming kishi.
Tumanda jami 39 ta fuqarolar yig‘ini va 28 093 ta xo‘jalik mavjud. Shuningdek, 52 ta umumta’lim maktabi, 94 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ta kutubxona faoliyat yuritadi.
Tumanning g‘arbiy qismini Ustyurt tekisligi egallagan bo‘lib, yer osti boyliklarining asosiy qismi shu hududda joylashgan. Bu yerda ohaktosh, bo‘r, gips, mergel, osh tuzi, neft, gaz kondensati va boshqa foydali qazilmalarning yirik konlari mavjud. Shoxpaxta, Quvonch, Oqcho‘loq, Uchsoy va Urga maydonlarida gaz konlari ochilgan. Urga koni 1995-yilda magistral gaz quvuriga ulangan bo‘lib, aholi va iqtisodiyot ehtiyojlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tumanda Borsakelmas va Qorovumbet tuz konlari ham mavjud. Borsakelmas tuz konining uzunligi 75 km, eni 70–72 km, chuqurligi esa 30–60 metrni tashkil etadi. Uning umumiy maydoni 1 000 kvadrat kilometrga teng.
Ushbu tuz konlaridan sanoat maqsadlarida foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 2-martdagi 79-sonli qaroriga muvofiq Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilgan va foydalanishga topshirilgan.
